Namangan viloyati bojxonachilari uyali aloqa vositalarini O‘zbekistonga yashirincha olib kirish holatiga chek qo‘yishdi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, «Pop» chegara bojxona posti orqali qo‘shni mamlakatdan respublikamizga kirib kelgan fuqaro G‘.R.ning xatti-harakatlari bojxonachilar e’tiborini tortdi.

Natijada, fuqaro G‘.R.ning yuk sumkasida og‘zaki so‘rovda ma’lum qilinmagan va bojxona nazoratidan yashirin tarzda olib o‘tilayotgan 225 dona «NOKIA» rusumli uyali qo‘l telefonlari borligi aniqlandi.

Ushbu tovar moddiy boyliklarning umumiy qiymati qariyb 18 million so‘mni tashkil etdi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.