2-yanvar kuni Toshkentda Alisher Navoiy nomidagi kutubxona qarshisidagi mamlakat bosh archasi atrofida 2−15 yoshgacha bo‘lgan 24 bola yo‘qolgan. IIBB xodimlari xatti-harakatlari bilan ular topilib, ota-onalariga qaytarilgan, deya xabar qildi poytaxt IIBB matbuot xizmati.

Bir holatda bolalarning yaqinlari IIBB xodimlariga murojaat qilsa, boshqa holatda huquq-tartibot organlari xodimlari yig‘layotgan bolalarni uchratib qolgan yoki ularni atrofdagi kimdir keltirgan.

Masalan, ikki yoshli Sevinch yorqin chiroqlari bo‘lgan archani ko‘rgach, unga qarab chopib boradi. Ota-onasi esa qizaloqni topa olmay qoladi va IIBB xodimlariga murojaat qiladi. Bola besh daqiqada topiladi.

Toshkentda Yangi yil bayrami tadbirlari 8-yanvargacha davom etadi. IIBB bolalarning qo‘lidan mahkam tutish, kiyimlarida oson ajratib olish mumkin bo‘lgan qismlar (yorqin rangli sharf yoki bosh kiyim) bo‘lishi yoki qo‘llarida bayroqcha tutqazib qo‘yishni tavsiya qilmoqda. Agarda bola yo‘qolib qolsa, zudlik bilan ichki ishlar organlari xodimlariga murojaat qilish lozim.