O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan 2017−2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yunalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni ko‘llab-quvvatlash yili"da amalga oshirishga oid Davlat dasturida Bosh prokuratura mas’ul hisoblangan bandlari ijro etilishining dastlabki natijalariga bag‘ishlangan press-konferensiya o‘tkazildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Bosh prokuror o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev Harakatlar strategiyasi amaliy harakatlar mezoniga aylanganini qayd etdi. Xalq manfaati yo‘lida xizmat qilish davlat rahbari tomonidan prokuratura tizimi oldiga asosiy vazifa qilib qo‘yilganligi alohida ta’kidlandi.

«Buni amalda ta’minlash uchun barcha choralar ko‘rildi. Tizim butunlay qayta tashkil etildi. Xalq manfaati uchun zarur bo‘lgan yangi tuzilmalar joriy qilindi.

Har bir xodimning egallab turgan lavozimiga loyiqligi o‘rganib borilmoqda. Fuqarolar manfaatini ko‘zlab sud va boshqa idoralarga tegishli hujjatlar taqdim etilgan. Natijada 90 mingdan ortiq fuqaroning buzilgan huquqi tiklangan", dedi Erkin Yo‘ldoshev.