Yil boshidan buyon O‘zbekistonda 148 nafar psixoaktiv dori vositalari sotuvchisi qo‘lga olindi. Bu haqda ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Davron Nazarmuhamedov Oliy Majlis Senatining 17-yalpi majlisida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yanvar-dekabr oylarida 115 mingdan ortiq tramadol va «lirika» singari «yengil narkotik vositalar» olib qo‘yildi.

Avvalroq «Gazeta.uz"ning huquqni muhofaza qilish organlaridagi axborot manbasi tramadol, pregabalin («lirika»), zopiklon («sonnat») kabi dori vositalari narkotik va psixotrop moddalar ro‘yxatiga kiritilmagani sababli preparatlarni ko‘chalarda sotuvchilarni javobgarlikka tortish imkoniyati yo‘qligini ma’lum qilgan edi.

27 oktyabr kuni Vazirlar Mahkamasi qarori bilan aylanishi taqiqlangan yoki cheklangan narkotik va psixotrop vositalar ro‘yxatiga o‘zgartishlar kiritildi.

Jumladan, aylanishi cheklangan narkotik vositalar ro‘yxati tramadol bilan to‘ldirildi. Zopiklon («sonnat») esa aylanishi cheklangan psixotrop moddalar ro‘yxatidan joy oldi.