O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018-yil 4-dekabr kuni III Paraosiyo o‘yinlarida g‘olib va sovrindorlar bo‘lgan sportchilarni pul mukofotlari bilan taqdirlash to‘g‘risidagi farmoyishni imzoladi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, Paraosiyo o‘yinlari oltin medali sohiblari 5000, kumush medal sovrindorlari 3000, bronza medaliga ega chiqqan sportchilar esa 2000 AQSH dollari miqdoridagi mukofot puli bilan birma-bir taqdirlanadilar.

Ushbu pul mukofotlari III Paraosiyo o‘yinlarida g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash uchun tashkil etiladigan taqdirlash marosimida o‘z egalariga topshiriladi.

Eslatish o‘rinli, 2018-yilning oktyabr oyida Indoneziya poytaxti Jakarta shahrida o‘tkazilgan III Paraosiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi musobaqada 54 nafar sportchi bilan qatnashgan holda musobaqa tarixidagi eng yaxshi natijasiga erishib, 35 oltin, 24 kumush va 18 bronza, jami 77 ta medalni qo‘lga kiritgan edi.