O‘zbekistonda xalqaro telekommunikatsiya tarmoqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanishni erkinlashtirish rejalashtirilmoqda, ulanish barcha operatorlar uchun ochiq bo‘ladi. Bu chora 2019−2021 yillarda O‘zbekistonni innovatsion rivojlantirish yo‘l xaritasida o‘z aksini topgan.

Bugungi kunda mamlakatdagi barcha provayderlar internetga «O‘zbektelekom» milliy telekommunikatsiyalar operatori orqali ulanadi.

Mazkur yo‘nalishni erkinlashtirishni ko‘zda tutuvchi hujjat 2020 yil 1 yanvarga qadar qabul qilinishi lozim. Buning uchun xususiy investorlar va tadbirkorlar mablag‘lari jalb etiladi.

Bu eng oxirgi iste’molchilari uchun internetga ulanish narxlarining arzonlashishiga olib keladi.

Bundan tashqari, 2020 yil 1 fevralga qadar aholini, jumladan LTE va WIMAX standartlari bo‘yicha ishlovchi mobil tarmoqlarni rivojlantirish hisobiga keng polosali internet bilan qamrab olishni kengaytirish mo‘ljallanmoqda.

Strategiya yo‘l xaritasida 2021 yilga qadar texnologiya va kommunikatsiyalar sohasidagi xizmatlar eksporti hajmini umumiy miqdorning 4 foizigacha oshirish ko‘zda tutilgan.