20 avgust kuni taxminan 12:20 atrofida Yunusobod tumani Sharof Rashidov shohko‘chasida — «Turkiston» San’at saroyi qarshisida jamoat transporti ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, deya xabar qildi IIBB matbuot xizmati.

148- Jomiy-Tuzel yo‘nalish bo‘yicha harakatlanib kelayotgan Isuzu avtobusini (davlat raqami 10 105 NBA, beshinchi avtopark) 29 yoshli Muhammadjon E. boshqargan. Boshqarmadan «Gazeta.uz"ga xabar qilinishicha, jamoat transporti simyog‘ochga borib urilgan.

«Toshshahartransxizmat» kompaniyasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, yo‘l-transport hodisasiga avtobus old tomonidan hudud raqami 85 bo‘lgan oq rangli Spark haydovchisining rulni keskin o‘nga olishi sabab bo‘lgan. Natijada avtobus haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chekkasidagi ustunga urilgan.

Natijada avtobus ichidagi bir qancha yo‘lovchilarga tan jarohati yetkazilgan. Jarohat yetkazilgan fuqorolarga zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Ayni paytda yengil avtomobil raqamiga oydinlik kiritilgan bo‘lib, IIBB YHXB tomonidan avtoulov qidirilmoqda.