Samarqand viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi E.Turdimov «Samarqandkimyo» aksiyadorlik jamiyatining foydalanilmay turgan hududlarida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish niyatida bo‘lgan Samarqand shahri, Pastdarg‘om va Samarqand tumanlari ishbilarmonlari bilan uchrashdi. Bu haqda «Zarafshon» gazetasi saytida xabar berildi.

Ayni paytda hududdagi 915 gektar maydon tadbirkorlikni rivojlantirish uchun ajratilgan va bu yerda 277 ta tadbirkorlik sub’ekti joylashtirilgan. Hududning 625 gektaridagi bino va inshootlardan foydalanilayotgan bo‘lsa, 107 gektari deyarli bo‘sh turibdi, 84 gektarga yaqini esa noqonuniy ravishda egallab olingan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bu yerda Samarqand shahri tadbirkorlariga tegishli 8 ta, Samarqand tumaniga 42 ta, Pastdarg‘om tumaniga 165 ta, «Samarqandkimyo» aksiyadorlik jamiyatiga taalluqli 47 ta ob’ekt mavjud. O‘rganishlar jarayonida ularning barchasidan ham samarali foydalanilmayotgani aniqlangan.

Viloyat hokimi ajratilgan yer va binolardan samarali foydalanish, investitsiya kiritish va ish o‘rinlari yaratish zarurligini ta’kidladi. Bu ish qo‘lidan kelmaydigan, majburiyatini bajarmaydigan tadbirkordan ob’ekt belgilangan tartibda qaytarib olinadi va istiqbolli loyihaga yo‘naltiriladi.

Uchrashuvda hokimlar va mutasaddi idoralar rahbarlariga tadbirkorlarning loyihalarini yana bir bor puxta o‘rganish va tezroq amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Tadbirkorlik sub’ektlari shu yerning o‘zida ko‘plab savol va muammolariga mutasaddilardan aniq javob oldi.