Toshkent IIBB transport vositalari shovqini me’yorlarini belgilash to‘g‘risidagi taklifni tayyorladi.

Toshkent IIBB saytida xabar qilinishicha, qaror Toshkent aholisining tungi vaqtlarda mototsikllar chiqarayotgan shovqindan bezovta bo‘layotgani to‘g‘risidagi shikoyatlari munosabati bilan qabul qilindi.

O‘zbekiston qonunchiligida ishlash vaqtida belgilangan me’yordan ortiqcha shovqin chiqarayotgan transport vositasini boshqarganlik uchun javobgarlik mavjud (Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 125-modda 3-qismi). Buning uchun EKIHning ½ dan 3 barobariga miqdorda jarima belgilangan. Biroq transport vositasi chiqarayotgan shovqinning ruxsat berilgan darajasini belgilab beruvchi normativ hujjat yo‘q, deyiladi IIBB xabarida.

IIBB boshlig‘i Rustam Mirzayev tashabbusi bilan xalqaro amaliyot o‘rganib chiqilib, O‘zbekiston Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligiga transport vositalari chiqarayotgan shovqinning ruxsat berilgan darajasini reglamentga soluvchi hujjatni ishlab chiqish to‘g‘risidagi taklif kiritildi.

So‘nggi vaqtlarda Toshkent ko‘chalarida patrullik qiluvchi huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari mototsiklchilarga e’tiborni kuchaytirdi. Ular bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, tungi vaqtlarda fuqarolar huquqlari to‘g‘risida ma’lumot berilmoqda.

Ayrim mototsiklchilarda esa bir qator qoidabuzarliklar: mast holda, tegishli hujjatlarsiz va zarur jihozlarsiz harakatlanish kabilar aniqlandi. Bunday holatlarda mototsikllar vaqtinchalik jarima maydonchasiga joylashtiriladi.