31 iyul-1 avgust kunlari Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki rahbari Suma Chakraborti O‘zbekistonda bo‘lib turibdi, deya xabar qildi YeTTB matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Bank rahbari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, bosh vazir o‘rinbosarlari Suxrob Xolmurodov, Alisher Sultonov va Jamshid Qo‘chqorov bilan uchrashadi.

Tashrif chog‘ida YeTTB prezidenti xususiy kompaniyalar bilan qator kredit shartnomalari, O‘zbekiston hukumati bilan o‘zaro anglashuv to‘g‘risidagi bir qancha memorandumlarni imzolaydi.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi va YeTTB memorandumlari energetikani rivojlantirish va energosamaradorlikni oshirishga sarmoya kiritish, shuningdek xususiylashtirish va kapital bozorini rivojlantirishga ko‘maklashishga qaratilgan.

«Biz O‘zbekiston hukumatining mamlakat iqtisodiyotini liberallashtirish hamda qo‘shni mamlakatlar va xalqaro hamjamiyatga mamlakat eshiklarini ochayotgan siyosiy islohotlar yo‘lidan ilgari yurish bo‘yicha chora-tadbirlarini olqishlaymiz, umid qilamizki, mamlakatda fuqarolik jamiyati tashkilotlari faoliyati ham jadallashadi», — deya ta’kidladi Suma Chakraborti.

Tashrif mamlakatga bankning yangi investitsiyalarini jalb qilishga qaratilgan YeTTBning O‘zbekistondagi o‘rta istiqbolga mo‘ljallangan faoliyati bo‘yicha yangi strategiyaning tayyorlanishiga zamin yaratishi kutilmoqda.

YeTTB 2017 yil noyabrida Toshkentda yana o‘z vakolatxonasini ochdi va darhol 2010 yildan buyon birinchi marta O‘zbekistonda 153 mln yevrodan ortiqroq miqdordagi oltita yangi operatsiyani imzoladi.