O‘zbekistondagi futbolchilar ko‘tarma puli olishmaydi. Yangi qoida 2019-yildan boshlab shartnomada aks etadi, deya xabar bermoqda futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati.

Ko‘tarma pullari futbolchilarga maosh va mukofot bilan bir qatorda to‘lanadi. Imzo chekilishi uchun olinadigan ushbu mukofot haqida o‘tgan yili ilk marta O‘FA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov fikr bildirgandi. U klublar futbolchilarning o‘ziga 200−400 million so‘m to‘lashini aytgandi. Sal ilgari bergan intervyusida Umid Ahmadjonov yana bir qator faktlarni ta’kidlagandi: butun mavsum davomida zaxirada o‘tiradigan futbolchining ko‘tarma puli 400 million so‘m, 35 yoshli futbolchiniki esa 800 million so‘mni tashkil qilgan.

“Hali bir ishni qoyil qilib qo‘ymagan futbolchining klubga kelmay turiboq millionlab pul talab qilishini tushunish qiyin. U o‘z saviyasiga qarab oylik-maosh yoki mehnatlari evaziga mukofot pullarini talab qilishi mumkin. Shu vaqtgacha uning quruq savlatiga berilgan pul endilikda futbolchini tarbiya qilgan futbol maktablari hamda murabbiylariga yo‘naltiriladi. Bu o‘z navbatida bolalar futbolida faoliyat olib borayotgan murabbiylarni sifatli futbolchilarni yetishtirishga bo‘lgan intilishini kuchaytiradi”, — deb aytib o‘tdi Umid Ahmadjonov O‘FA hamda PFL rahbariyati bilan uchrashuvda.

Ko‘tarma puli ko‘rinishidagi rag‘batlantirish butun dunyoda bor. Biroq futbolchi bunday mavqega chiqishi uchun jiddiy mehnat qiladi. U bir qator klublar nazariga tushganida nafaqat transfer narxi, balki o‘zining klub bilan kelishajak shartnomasida ham raqamlar o‘sib boradi, dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab klublarning davlat korxonalari tomonidan rag‘batlantirilishi to‘xtatiladi. “Qolaversa, ko‘tarma pullarini berish tartibi bir qator shubhalarga sabab bo‘lyaptiki, buning orqasidan futbolchi hamda manfaatdor tomon moliyaviy yutuqqa erishishi mumkin. Biroq futbol ham, klublar ham rivojlanib qolmayapti. Endilikda futbolchilar qilgan mehnati uchun va albatta yutug‘i uchun rag‘batlantiriladi. To futbol klublari xususiylashib, o‘rtada sog‘lom raqobat vujudga kelmaguniga qadar, ko‘tarma puli tushunchasi unutiladi”, — deya ta’kidladi assotsiatsiya vitse prezidenti.

Umid Ahmadjonov klublarni mablag‘ni legionerlar xarid qilishga emas, akademiyani rivojlantirishga sarflashga chaqirdi.

“Ayniqsa, 1 yillik, yarim yillik bo‘lgan legioner futbolchilar uchun berilayotgan ko‘tarma pullari achinarli. Keladi, millionni cho‘ntagiga soladi, o‘ynasa o‘ynadi, o‘ynolmasa indamay qaytib ketaveradi. Klublar uvol bo‘layotgan shu pullarni o‘z akademiyasini qurish, keyinchalik uni shakllantirish, stadionini, infratuzilmasini rivojlantirish uchun sarflasin. Bizga boqimanda klublarning quruq savlati kerak emas. Davlat ularga suyanch bo‘layotganidan foydalanib, o‘z kelajaklari haqida qayg‘urishsin”, — dedi u.

Umid Ahmadjonov futbol rivoji uchun davlat tomonidan ajratilayotgan pullar maqsadsiz sarflanmasligini ta’kidladi. Klublar yilda ikki marta audit tekshiruvdan o‘tadi, bundan tashqari Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) talabi asosida shtatlar jadvali tuzib chiqiladi.