O‘zbekiston bosh prokurori Otabek Murodov payshanba kuni Oliy Majlis Senatining 15- yalpi majlisida so‘zga chiqar ekan, sobiq bosh prokuror Rashitjon Qodirovga nisbatan ochilgan jinoiy ishga izoh berdi, deya xabar qildi «Gazeta.uz» muxbiri.

Avvalroq ushbu ish bo‘yicha 24 kishiga nisbatan ayblov e’lon qilingan edi. Ular orasida hibsga olinganlar ham, garov ko‘rinishidagi vasiylik chorasi qo‘llanilgan shaxslar ham bor, dedi Otabek Murodov. U aybdorlarni qamoqqa olish asosiy maqsad emasligini ta’kidlab o‘tdi.

«Bizning maqsadimiz — ularni qamoqqa solish emas. Biz xalqimizga yetkazishimiz kerak. Bu davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevning siyosati. Boshqa to‘rt nafar mutasaddi shaxs yetkazilgan zararni qopladi va nima olgan bo‘lsa qaytarishdi, biz ularni garov evaziga ozod qildik. Bu odamlar yuqori lavozimlarda ishlagan», — dedi bosh prokuror.

U tergov sirini hisobga olgan holda ishning barcha tafsilotlarini ochish mumkin emasligini, biroq uning yakunlari bo‘yicha aholi sodir etilgan jinoyatlar to‘g‘risida xabardor qilinishini aytib o‘tdi.

«Albatta vaqti keladi, tergov yakunlanadi, biz imkon qadar ish tafsilotlarini: qancha pul o‘g‘irlangani, ular qanday ishlarni qilgani, poralar qanday bo‘lganini yashirishga harakat qilayapmiz, raqamlar juda katta», — dedi Otabek Murodov.

Rashitjon Qodirov 2000—2015 yillarda Bosh prokuraturani boshqargan, shundan so‘ng Konstitutsion sud sudyasi etib saylangan (2015−2017).

Fevralda Bosh prokuratura Rashitjon Qodirovga nisbatan Jinoyat kodeksining 165 (tovlamachilik), 205 (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 210- (pora olish) moddalari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgani haqida xabar qilgan edi.