Shanba kuni 4:34 da Toshkentning Yunusobod tumanida Amir Temur va Bog‘ishamol ko‘chalari chorrahasida «VAZ-2107» avtomobili hamda yo‘l-patrul xizmatining Lacetti xizmat avtomobili ishtirokida YTH sodir bo‘ldi.

Yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘ldi. tarqalgan videoyozuvda svetoforning yashil chirog‘ida katta tezlikda harakatlanib kelayotgan avtomobilni yaqqol ko‘rish mumkin. So‘ngra Amir Temur ko‘chasidan chapga «VAZ» qayriladi, burilishni yakunlagan vaqtda uning orqa qismiga katta tezlikda kelayotgan Lacetti uriladi.

To‘qnashuvdan so‘ng Lacetti orqa tomoni bilan bir necha o‘n metrga yurib borib, ajratib turuvchi to‘siqni qulatadi va qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib, ariq yoniga kelgandagina to‘xtaydi. Ijtimoiy tarmoqdagi tasvirlardan «VAZ"ga jiddiy zarar yetganini ko‘rish mumkin.

Poytaxt IIBB matbuot xizmatining yakshanba kuni aniqlik kiritishicha, «VAZ» avtomobilini O.Haydarov, Lacetti boshqaruvida esa YPX inspektori serjant M.Hasanov bo‘lgan.

YTH natijasida «VAZ"ning ikki yo‘lovchisi — oshkent viloyati Qibray tumanida istiqomat qilgan A.Pazilov hamda shaxsi aniqlashtirilayotgan 55−60 yoshlardagi erkak kishi halok bo‘lgan.

Har ikki avtomobil haydovchisi, Lacetti yo‘lovchisi YPH inspektori F.Oqqulov va «VAZ» yo‘lovchilari — Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida istiqomat qiluvchi Sh. Choriyev hamda poytaxtning Yunusobod tumanidan O.G‘aniyev G. Tan jarohatlari olib, shifoxonaga yotqiziladi.