7 aprel kuni taxminan 17:25 atrofida Samarqand viloyati Payariq tumanida sodir bo‘lgan YTHda sakkiz kishi halok bo‘ldi, deya xabar qildi O‘zbekiston IIV matbuot xizmati.

O.Kamolov (1996 y. t.) boshqarib kelayotgan Cobalt avtomobili Zarafshon daryosining o‘ng sohilida 4R-48 avtoyo‘lining qarama-qarshi yo‘nalishiga chiqib, S.Sunnatov (1995 y. d.) boshqaruvidagi Nexia bilan yuzma-yuz to‘qnashib ketadi.

Natijada Cobalt va ikki yo‘lovchi hodisa joyida vafot etdi, yana uch nafar yo‘lovchi turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizildi. Nexia avtomobilida bo‘lgan haydovchi va to‘rt nafar yo‘lovchi shifoxonada hayotdan ko‘z yumgan.

Bu joriy haftada insonlar qurbon bo‘lgan ikkinchi yirik YTHdir. Chorshanba kuni Jizzax viloyati Paxtakor tumanida avtomobillarning yuzma-yuz to‘qnashuvi oqibatida sakkiz kishi vafot etgan etgan edi.

Qayd etish joizki, shaharlararo trassalarda muntazam ravishda avtomashinalarning qarama-qarshi yo‘nalishga chiqish ketishi oqibatida YTHlar sodir bo‘lib turadi.

24 mart kuni Surxondaryo viloyatida 10 nafar yo‘lovchi bilan ketayotgan Damas avtomobili «KAMAZ» yuk mashinasi bilan to‘qnashib ketgan, oqibatda 2 kishi, jumladan bir bola hayotdan ko‘z yumib, 9 kishi jarohat olgan edi.

23 mart kuni «Navoiy-Nurota» avtomobil yo‘lida Captiva va Matiz to‘qnashuvi oqibatida 2 kishi vafot etgan, 5 kishi tan jarohatlari olgan.

21 mart kuni Toshkent viloyatida Lacetti va Damas to‘qnashuvi oqibatida 3 kishi halok bo‘lib, 7 kishi jarohatlangan edi.