1 apreldan O‘zbekiston uyali aloqa kompaniyalari yangi chastotalar rejasida ishlashni boshladi. Beeline radiochastotali kanallarining bir qismini Ucell, UMS va Uzmobile kompaniyalariga berganini rasmiy ravishda e’lon qildi, deya xabar berdi Beeline matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

O‘tgan yilning may oyida Radiochastotalar bo‘yicha respublika kengashining qaroriga binoan yirik aloqa operatori Beeline 2017 yil 1 oktyabriga qadar ovozli radio chastotalarining deyarli yarmini spektrni qayta taqsimlash uchun raqobatchilar foydasiga berish taklif qilingan edi. Bir necha raundli muzokaralardan so‘ng, radiochastotalar bo‘yicha respublika kengashi 2017 yil 11 sentyabrida yangi radiochastota rejasiga o‘tish davrini 2018 yil 1 apreliga qadar uzaytirish to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi, shuningdek bozorning barcha ishtirokchilariga bir vaqtning o‘zida texnologik betaraflik taqdim etildi.

Mazkur hujjatga binoan endilikda uyali aloqa operatorlari 900 va 1800 MGs chastotalarida nafaqat «ovozli» 2G standartini, balki 3G va 4G texnologiyalarini rivojlantirish huquqiga ega. Oddiy qilib aytganda, mobil aloqa operatorlari mamlakatning eng chekka aholi punktlarini tezkor Internet bilan ta’minlash imkonini beradi.

Bundan avval rejalashtirilganidek, mart oyining so‘nggi kunida soha yetakchisi 900 va 1800 MGs chastotalaridagi radiochastotasining 47 foizidan foydalanishdan voz kechdi. Yaqin kunlarda boshqa mobil aloqa operatorlari ham Beeline`ning bo‘sh kanallari yordamida yangi radiochastota rejasiga o‘tishi kerak.

«Vazirlik va Radiochastotalar bo‘yicha respublika kengashi bilan erishilgan muddatlar bo‘yicha o‘zaro kelishuvlar tufayli biz ushbu tadbirni deyarli 10 million abonentlar uchun sezilarsiz ravishda amalga oshira oldik. 900/1800 MGs diapazonida texnologik neytralitetning (betaraflik) taqdim etilishi esa — telekommunikatsiyalarning rivojlanishidagi haqiqiy yutuqdir», — dedi Beeline bosh direktori Dmitriy Shukov.