29 mart kuni Farg‘onada O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegaradosh viloyatlari hokimlari kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi TIV matbuot xizmati.

Yig‘ilishga O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va Qirg‘iziston hukumati rahbari Sapar Isakov raislik qildi.

Kengash chegaradosh viloyatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalar holatini muntazam tahlil qilish va monitoringini olib borish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqadi.

Abdulla Aripov O‘zbekistonda Qirg‘iziston madaniyati kunlari o‘tkazilishiga tayyorgarlik ko‘rilayotganidan xabardor qildi. Bunda mamlakat hududida qirg‘iz yozuvchisi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlab yubiley marosimlarini o‘tkazish rejalashtirilgan, deya xabar qildi Qirg‘iziston hukumati matbuot xizmati.

Sapar isakov mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar kengaytirish uchun «Dostuk-avtodorojniy» nazorat-o‘tkazish punktida qo‘shimcha chegara nazorati kabinalari o‘rnatilayotganini ma’lum qildi.

Kengash yig‘ilishi jarayonida hududlararo hamkorlik, savdo-iqtisodiy va investitsion aloqalarni kengaytirish, madaniy va gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirish, fuqarolarning O‘zbekiston-Qirg‘iziston davlat chegaralarini kesib o‘tishlari uchun sharoitlarni yaxshilash va boshqa dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha kengashning navbatdagi yig‘ilishini Qirg‘iziston hududida o‘tkazish to‘g‘risidagi kelishuvga erishildi.