Bozorlar, savdo majmualari va boshqa ob’ektlar hududlaridagi to‘xtab turish joylarida I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning avtotransport vositalari to‘xtab turishi uchun ajratiladi. Bu «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning avtotransport vositalaridan foydalanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi hukumat qarorida ko‘zda tutilgan, deya xabar qildi O‘zbekiston Adliya vazirligi «Gazeta.uz"ga.

Joylar turargoh umumiy maydonining kamida 5 foizini (kamida 2 ta joy) egallab, to‘xtab turish joylarining kirish va chiqishga qulay o‘rnida joylashgan bo‘lishi lozim.

To‘xtab turish joylaridan uzoq va noqulay joyda joylashgan ob’ektlari atrofida nogironligi bo‘lgan shaxslarga tegishli avtotransport vositalari uchun vaqtinchalik to‘xtab turish joylari tashkil etiladi. Bunday joylarda «5.15. To‘xtab turish joyi» va «7.17. Nogironlar» yo‘l belgilari bilan ta’minlanadi.

Singapurda nogironligi bo‘lgan shaxslar transportiga mo‘ljallangan joy. Foto: «Gazeta.uz».

Qarorda to‘xtab turish joylaridan foydalanganlik uchun I va II guruh nogironligi bo‘lgan, «Nogironligi bo‘lgan haydovchi boshqaruvidagi avtomobil» belgisi bilan farq qiluvchi shaxslar va 16 yoshgacha nogiron bolasi bo‘lgan ota-onalardan nogironlikni tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgan holatda haq olinmasligi belgilab qo‘yildi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar avtotransport vositalari uchun mo‘ljallangan joydan boshqa shaxslarning foydalanishiga javobgarlik belgilanishi rejalashtirilgan.

Qaror bilan nogironligi bo‘lgan shaxslarning foydalanishi uchun respublikada ishlab chiqarilgan yengil avtomobillarni maxsus uskunalar bilan qayta jihozlash mazkur shaxslarning buyurtmalariga asosan «GM Uzbekistan» rasmiy dilerlarining ixtisoslashtirilgan servis markazlari orqali amalga oshirilishi belgilandi. «O‘zavtosanoat» kompaniyasiga 2019 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatda «GM Uzbekistan» rasmiy dilerlarini zarur vosita va uskunalar bilan ta’minlash vazifasi yuklanmoqda.

O‘tgan yilning 1 dekabr kuni O‘zbekiston prezidenti «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonini imzolagan edi. Ushbu hujjatda qayd etilishicha, transport vositalari haydovchilari — nogironligi bo‘lgan shaxslarni o‘qitish uchun tayyorlash va qayta tayyorlash ishlari tashkil etiladi. Bundan tashqari, kelgusida ishlab chiqariladigan milliy yengil avtomobillar nogironligi bo‘lgan shaxslar foydalanishi uchun moslashtirilgan holda maxsus uskunalar bilan qayta jihozlanadi.