O‘zbekiston Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Toshkent hokimiyati va Janubiy Koreyaning POSCO Daewoo korporatsiyasi 1 fevral kuni High Tech City loyihasini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik qilish to‘g‘risidagi qo‘shimcha bitimni imzoladi, deya xabar qildi Investitsiyalar qo‘mitasi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga. ushbu bitim poytaxtda qiymati 1,4 mlrd dollarga teng yuqori texnologiyali tumanni tashkil etish bo‘yicha 22 noyabr kuni Seulda imzolangan hujjatga qo‘shimcha bo‘ldi.

Hujjatga muvofiq, tomonlar loyihani amalga oshirishning birinchi bosqichiga kirishadi. Unda loyihaning barcha bosqichlarini tezkor va sifatli muvofiqlashtirish, qurilish uchun maydoncha tanlash, konseptual reja va dastlabki texnik-iqtisodiy asoslarni ishlab chiqish bilan shug‘ullanuvchi ishchi guruhini shakllantirish belgilangan.

50 gektarga yaqin hududga biznes markazlari, turar joylar, ilmiy-tadqiqot markazlari, ta’lim, tijorat va sanoat muassasalari va boshqa ob’ektlar joylashtiriladi. Barcha ob’ektlar «aqlli» texnologiyalar, jumladan energiya tejash tizimlari qo‘llanilgan holda bunyod etilib, binolar avtomatlashtiriladi, deyiladi qo‘mita xabarida.

Koreyalik mutaxassislar Toshkentda shaharsozlik tahlilini o‘tkazib, Tashkent City va Nurafshon kabi o‘xshash loyihalarni o‘rganib chiqishdi. Ayni paytda infratuzilmalar, ekologik masalalar, aholi va boshqa jihatlar hisobga olingan holda yangi tumanni joylashtirish bo‘yicha to‘rtta variant ko‘rib chiqilmoqda.

POSCO Daewoo — POSCO xalqaro savdo va investitsion kompaniyasining sho‘’ba kompaniyasi bo‘lib, Koreya va xalqaro bozorlarda qurilish sohasida katta tajribaga ega.