Denovlik oshpazlar (Surxondaryo viloyati) dunyodagi eng katta palovni tayyorlash bo‘yicha rekordni yangilashni mo‘ljallamoqda. Mahalliy oshpazlar qariyb 9 tonnalik «megapalov"ni tayyorlashga tayyorgarlik ko‘rmoqda, deya xabar qildi Denov hokimiyati «Gazeta.uz"ga.

8 sentyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbegim festivalida Ginnesning rekordlar kitobi vakillari eng katta palov rekordini qayd etgan edi. Palovning sof vazni 7360 kilogramni tashkil etgan edi.

Yangi rekordni Vatan himoyachilari kuni (14 yanvar) munosabati bilan o‘rnatish mo‘ljallangan bo‘lib, taom 2000 o‘ringa mo‘ljallangan markaziy stadionda tayyorlanadi.

«Denovlik oshpazlar qariyb 9 tonnalik palovni tayyorlab, rekordni yangilash tashabbusi bilan chiqishdi. Tuman va viloyat hokimiyati mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatladi», — deya qayd etildi hokimiyatdan.

Palovni tayyorlash uchun 46 nafar oshpaz jalb etilib, 2000 kg mol go‘shti, 250 kg qo‘y dumbasi, 2200 kg guruch, 3000 kg sabzi, 250 kg piyoz, 210 litr o‘simlik, 250 l zig‘ir va 100 l kungaboqar yog‘i, shuningdek 70 kg tuz, 240 kg no‘xat, 100 kg mayiz, 5 kg zira va 5 kg qora murch solinadi. Mahsulotlarning jami vazni qariyb 9 tonnani tashkil etadi.

Taom avvalgi rekord o‘rnatilgan qozonda tayyorlanadi. Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida tayyorlangan qozon diametri 4,2 m, umumiy vazni 8,8 tonnani tashkil etadi.