Toshkentning Chilonzor tumanida 9 dekabr kuni ramziy quduq oldidan yo‘lga otlangan karvon ko‘rinishidagi umumiy uzunligi 700 metr bo‘lgan installyatsiya ochildi. Ochilish marosimida O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov va tuman hokimi Davron Hidoyatov ishtirok etdi, deya xabar qildi qo‘mita matbuot xizmati.

Haykal asosiy qismi zamonaviy O‘zbekiston hududidan o‘tgan Buyuk ipak yo‘lini o‘zida aks ettiradi. Kompozitsiya qumli sahro bo‘ylab qadam bosib borayotgan tuyalar va savdogarlar haykallaridan tarkib topgan. Kompozitsiya muallifi - haykaltarosh Pavel Makarov, unga Sodiq Namozov ko‘mak ko‘rsatdi.

Tadbirda qayd etilganidek, ob’ekt yangi ishlab chiqilayotgan turistik yo‘nalishlarga kiritiladi. Installyatsiyaning poytaxt mehmonlari va fuqarolari manzarasida suratga tushuvchi jozibador ob’ektga aylanishi kutilmoqda.