O‘zbekiston Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan rasman qizamiq va qizilchani bartaraf etgan mamlakat sifatida tan olindi. Mamlakat 2014 yil yanvardan 2016 yil dekabriga qadar mazkur kasalliklarni yo‘q qilishga erishdi, deyiladi YUNISEFning Toshkentdagi vakolatxonasi xabarida.

Mamlakatda emlash darajasi birinchi vaksinatsiyada 99,5 foiz, takroriy vaksinatsiya esa 99,7 foizni tashkil etdi (2016 yilgi ma’lumot).

«14 yoshgacha bolalar O‘zbekiston aholisining 27 foizini tashkil etadi. Immunizatsiya sog‘liqni saqlashda bo‘lg‘usi avlodlar uchun qilishimiz mumkin bo‘lgan eng muvaffaqiyatli va iqtisodiy samarador investitsiya hisoblanadi», — dedi YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sasha Graumann.

YUNISEF mamlakat hukumatiga yangi vaksinalarni xarid qilish va joriy etishda ko‘maklashadi. So‘nggi o‘n yillik davomida O‘zbekiston vaksinalarni barqaror va yetarli darajada xarid qilishga o‘tmoqda. 2010 yilda mamlakatga yetkazib berilgan 90 foiz vaksina davlat byudjeti hisobiga sotib olingan edi. 2020 yilga kelib mamlakat vaksina sotib olishda to‘liq mustaqil bo‘lishni rejalashtirmoqda.