Prezident Shavkat Mirziyoyev yer usti halqa metro liniyasi qurilishi loyihasini tezlashtirishga topshiriq berdi, deya xabar qildi «O‘zbekiston 24» telekanali «Axborot 24» dasturi.

Eslatib o‘tamiz, may oyida Prezident 2017−2021 yillarda poytaxtda elektrlashtirilgan tezyurar halqa temir yo‘li qurilishi loyihasini tasdiqlagan edi. Oktyabrda loyihaning qayta ko‘rib chiqilgani, unga ko‘ra elektrichka o‘rniga estakada tipidagi yer usti metrosi qurilishi ma’lum bo‘ldi.

Umumiy uzunligi 52,1 kilometrdan iborat mazkur metro yo‘nalishining 50,5 kilometri balandligi 6 metrlik estakadalar orqali o‘tkaziladi, 1,6 kilometri yer ustida quriladi. Loyihani 2021 yilda tugatish rejalashtirilgan edi, biroq Shavkat Mirziyoyev yangi liniyani 2020 yilgacha foydalanishga topshirishga ko‘rsatma berdi.

Loyihaning birinchi besh bosqichida quyidagi liniyalar quriladi:

  • «Do‘stlik» metrosi — Qo‘ylik bozori;
  • Qo‘yliq bozori — «Olmazor» metrosi;
  • «Olmazor» metrosi — «Beruni» metrosi;
  • «Beruniy» metrosi— «Bodomzor»;
  • "Bodomzor" — «Do‘stlik» metrosi.

Mazkur bosqichlar doirasida 32 ta estakadali va 2 yer osti stansiyasi quriladi. Uchta vagon deposi va o‘nlab podstansiyalar bunyod etiladi. Qurilish ishlarida 8000 ga yaqin mutaxassislarning jalb etilishi rejalashtirilgan.

Shu oydan bo‘lg‘usi «Do‘stlik» va «Qo‘yliq» stansiyalari o‘rtasidagi 11 km lik uzunlikdagi uchastkada ishlar boshlandi.

Halqa liniyada 45 ta poyezd harakatlanishi, ular butun yo‘lni 1 soatu 10 daqiqada bosib o‘tishi rejalashtirilgan. Harakat oralig‘i o‘rtacha 4 daqiqa, o‘rtacha tezlik esa 60 km/s bo‘ladi.

«Biz qurilish jarayonida 90 foiz ko‘chalar ochiq bo‘lishiga erishdik, birorta ham turar joy binosi buzilmaydi. Bularning barchasi aholiga qulaylik yaratish, yo‘llardagi tirbandliklarni qisqartirish, odamlar hayotini yengillashtirish maqsadida qilinmoqda», — deya Prezident so‘zlaridan iqtibos keltirdi teledastur.

Dastlabki taqdim etilgan tasvirlardan kelgusida 2020—2025 yillarda — qo‘shimcha metro liniyasi qurilishini bilish mumkin.

Video