O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 oktyabr kuni sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishga bag‘ishlangan bir yil ichidagi to‘rtinchi yig‘ilishni o‘tkazdi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Sohani yanada rivojlantirish, tibbiy xizmatlar ko‘lami va sifatini oshirishga qaratilgan 30 ga yaqin farmon va qarorlar qabul qilindi. Birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini takomillashtirishga oid qaror ijrosi doirasida 793 qishloq vrachlik punkti negizida qishloq oilaviy poliklinikasi, 441 tez tibbiy yordam shoxobchasi tashkil etildi. Faoliyati tugatilgan 658 qishloq vrachlik punkti binolari xizmat uyi sifatida foydalanish uchun shifokorlarga berildi.

Bundan tashqari, qishloq oilaviy poliklinikalarida 5 turdagi va Toshkent shahar oilaviy poliklinikalarida 10 turdagi tor soha mutaxassislari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Birlamchi tizimda kadrlar ta’minotini yaxshilash maqsadida joriy yilda tibbiyot yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlarining bakalavriatura bosqichini bitirgan 3197 yosh mutaxassisning 79 foizi birlamchi tizimga ishga yuborildi.

9 oy mobaynida xususiy tibbiyot muassasalari yana 400 dan ziyodga ko‘payib, ularning soni 3860 dan oshdi. 2016 yilda 806 tez tibbiy yordam stansiyasi va kichik stansiyasi faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, 2017 yilda bu ko‘rsatkich 2100 dan oshdi.

«Aholini sifatli va arzon dori-darmon vositalari bilan ta’minlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, shoshilinch tibbiy yordamni takomillashtirish, birlamchi tibbiyot tizimini yanada yaxshilash, xususiy sektor va ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamni yanada rivojlantirish borasida hali qiladigan ishlarimiz ko‘p», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

«Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatining hududlarda yetarli darajada emasligi oldimizda turgan dolzarb muammolardan biri. Tan olish kerak, hududlardan yuqori texnologik tibbiy yordam olish uchun Toshkent shahriga kelish aholi tomonidan ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda», — dedi davlat rahbari.

Ushbu muammolarni bartaraf etish maqsadida viloyatlarda ishlash tashabbusi bilan chiqqan yetakchi mutaxassislardan 134 nomzod tanlab olingani qayd etildi. Ular viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlariga, jumladan, bolalar shifoxonalari, endokrinologiya, kardiologiya, silga qarshi, teri-tanosil dispanserlari, onkologiya markazi filiallari, yuqumli kasalliklar shifoxonalariga ishlash uchun yuborildi.

Yig‘ilishda chet el klinikalarida faoliyat yuritayotgan 50 dan ortiq vatandosh O‘zbekistonga qaytgani ma’lum qilindi.

Davlat rahbari tibbiyot xodimlarining malakasi va shaxsiy mas’uliyati masalasi jiddiy tanqid qildi. Sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida sog‘liqni saqlash tizimining davlat va xususiy sektoridagi barcha mutaxassislar faoliyatini litsenziyalash tizimini tatbiq etish nazarda tutilgan.

Aholini patronaj va tizimli dispanserizatsiya bilan to‘liq qamrab olish, ona va bola skriningi hamda tibbiy-genetik xizmatni yanada takomillashtirish va ushbu xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish maqsadida 2018−2022 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturini ishlab chiqish ko‘zda tutilmoqda.