O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda BMTTD «Samarali davlat boshqaruvi va raqamli tranformatsiyani rivojlantirishda hamkorlik» loyihasini ishga tushirdi. Bu haqda BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi idorasi «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Mazkur tashabbus davlat boshqaruvini isloh qilish, elektron hukumatni rivojlantirish va sifatli davlat xizmatlarini taqdim etishda hukumatga ko‘maklashishga qaratilgan.

Loyiha 2017 yil oktyabridan 2020 yil dekabriga qadar davom etadi. Uning byudjeti 1,2 mln dollarni tashkil etadi.

Quyidagilar loyihaning asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • samarali davlat boshqaruvi va elektron hukumat sohalarida axborot-tahliliy materiallarni tayyorlashda ko‘maklashish;
  • huquqiy axborotlar va davlat xizmatlaridan foydalanishni yaxshilash;
  • axborot texnologiyalari, muhandislik fanlari va elektron hukumat sohalarida milliy salohiyatni rivojlantirish.

Loyiha Lex.uz huquqiy axborotlar portalini takomillashtirish, «O‘zarxiv» agentligi korporativ axborot tizimini yaratish, elektron xizmatlar va murojaatlar statistikasini yig‘ish va tahlil qilishni yaxshilashni ko‘zda tutadi.

Loyiha ishida milliy hamkorlar — «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish markazi, Toshkentdagi Inha universiteti, Mirzo Ulug‘bek innovatsion markazi, shuningdek xalqaro hamkorlar — Yevropa kengashi delegatsiyasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, KOICA va boshqalar jalb qilinadi.