O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 avgust kuni Samarqandga keldi. Davlat rahbari viloyatga tashrifini Birinchi Prezident Islom Karimov qabrini ziyorat qilishdan boshladi, deya xabar qildi O‘zA.

Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov qabriga gul qo‘ydi. Qur’on tilovat qilindi.

Prezident bu yerda amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi.

Davlat rahbarining 2017 yil 25 yanvardagi «O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq Samarqand shahrida Islom Karimov dafn etilgan hududda yodgorlik majmuasi barpo etilmoqda.

Maqbara marmar va granitdan bunyod etilgan, Qur’on oyatlari bilan bezatilgan. Ayvon peshtoqlariga Islom Karimovning hikmatli so‘zlari o‘zbek, ingliz va arab tillarida bitilgan. Majmua atrofi kengaytirilib, ziyoratchilar uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Birinchi Prezidentimiz maqbarasi Hazrati Xizr masjidi bilan uyg‘unlik kasb etgan.

Shavkat Mirziyoyev majmuadagi qurilish va obodonlashtirish ishlarini yakuniga yetkazish, ziyoratchilar uchun sharoitlarni yanada yaxshilash, qabristonni obod qilish bo‘yicha tavsiyalar berdi.