O‘zbekistonning Qirg‘izistondagi Elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, 3 avgust kuni Issiqko‘l viloyatining Qizil-O‘ruk qishlog‘ida taxminan soat 11:30 da «Baliqchi-Cho‘lponota-Qorako‘l» avtomobil yo‘lining 17-kilometrida mikroavtobus va yengil avtomobil ishtirokida yo‘l-transport hodisasi ro‘y berdi.

Olingan ma’lumotlarga binoan mikroavtobusda O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan. Baxtsiz hodisa oqibatida 9 ta odam jarohatlandi. Ulardan 4 nafari, jumladan bir bola — O‘zbekiston fuqarolari, deb xabar qildi O‘zbekiston TIV matbuot xizmati.

O‘zbekiston Elchixonasi mahalliy huquqni muhofaza qilish organlari bilan aloqa o‘rnatdi. Olingan ma’lumotlarga ko‘ra jarohat olgan 9 odamning hammasi Baliqchi shahridagi hududiy kasalxonaga yetkazilgan. Ayni paytda YTH joyida tezkor tergov guruhi ish olib bormoqda.

Elchixona Konsullik bo‘limi tomonidan jarohatlangan O‘zbekiston fuqarolarining shaxsi aniqlanmoqda va ularga zarur yordam ko‘rsatish bo‘yicha tegishli choralar qo‘llanilmoqda.