Toshkent IIBB va prokuraturasi vakillari fohishabozlik va odam savdosini tashkil etish uchun foydalanilgan kvartira va uylarni davlat foydasiga musodara qilish bo‘yicha ishlarga tushuntirish berdi. Mazkur muammoga Kommersant.uz e’tibor qaratib, 18 iyul kuni ushbu masalaga bag‘ishlangan maqolani chop etgan edi.

O‘tgan payshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda IIBB boshlig‘i o‘rinbosari, Tergov boshqarmasi boshlig‘i Doniyor Toshxo‘jayev joriy yil boshidan buyon Toshkentda 400 ga yaqin fohishabozlik va qo‘shmachilik tashkil etilgan holatlar aniqlangani, ularning juda kam qismidagina mol-mulk musodaraga tortilganini ma’lum qildi.

«Aniqlangan har bir holat bo‘yicha kvartira va uylarga bordik. Agarda u yerda faol ravishda fohishaxona tashkil etishga harakat qilingan bo‘lsa, biz tekshiramiz va qaror qabul qilishni mol-mulkni musodara qilish haqidagi masalani hal etuvchi sudlarga qoldiramiz», — dedi u.

Mol-mulkidan mahrum bo‘lgan fuqarolarning so‘zlariga ko‘ra, ular turar-joylari jinoiy jarayon vositasi bo‘lgani to‘g‘risida ogohlantirilmagan. Bunga izoh bergan Doniyor Toshxo‘jayev agarda turar-joy egasi jinoyat ishtirokchisi bo‘lmasa, uning turar-joyi esa jinoyat quroli deb topilsa, uni so‘roq qilish yoki uning jarayonda ishtirok etishi shart bo‘lmaydi. Uning aloqadorligi tasdiqlangan taqdirda, kvartira egasi gumondor sifatida jalb etiladi.

Shunday dalillar borki, aynan fohishabozlik yoki odam savdosini tashkil etish maqsadida uylar qurilgan yoki kvartiralar ta’mirlangan, deya ma’lum qildi IIBB rahbariyati vakili.

Mol-mulkni musodara qilish to‘g‘risidagi qaror jinoyatning og‘irligiga bog‘liq, dedi Doniyor Toshxo‘jayev. «Agarda fohishabozlik tashkil etilgan bo‘lsa, turar-joy egasiga qaytarilishi mumkin. Agar bu joy odam savdosi uchun bo‘lsa, mol-mulk 100 foizlik ehtimol bilan davlat foydasiga musodara qilinadi».

Toshkent prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Murodjon Sodiqovning ta’kidlashicha, fohishaxona tashkil etishda aybdor shaxslar musodara qilingan mol-mulk egasiga uning tergov jarayonida baholangan qiymatida to‘lashga majbur.

«Mol-mulk davlat foydasiga musodara qilinsa, tergov uning qiymatini baholaydi. Shundan so‘ng fuqarolik ishlari bo‘yicha sud aybdorga mol-mulkning jinoyatga aloqador bo‘lmagan egasiga mazkur mablag‘ni to‘lash majburiyatini yuklaydi», — deya tushuntirish berdi u.

Turar-joyni ijaraga berish yoki olish haqidagi shartnomaning tuzilgani sudda uy egalarining haqligini isbotlash imkoniyatlarini oshiradi, qayd etildi brifingda.