O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan akademik Edvard Rtveladze «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlandi. Bu haqda Toshkentda dushanba kuni ochilgan «O‘zbekiston madaniy yodgorligi — xalqlar va mamlakatlar o‘rtasidagi muloqot sari yo‘l» xalqaro anjumanida xabar qilindi.

Taniqli tarixchi va arxeolog o‘zining 75 yillik tavalludi kuni — 14 mayda Fanlar akademiyasi binosida mamlakat bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirokida tantanali marosimda mukofotni qabul qilib oldi.

Mukofot «ilm-fan sohasidagi ko‘p yillik samarali mehnati, yosh avlodning intellektual va ma’naviy salohiyatini yuksaltirishdagi munosib hissasi, mamlakatimizning ijtimoiy hayotidagi faol ishtiroki uchun» taqdim etildi.

Edvard Rtveladze — Markaziy Osiyo tarixi, arxeologiya, numizmatika, madaniyat va san’at sohasida yetakchi olimlardan biri.