Prezident Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston Respublikasida tibbiy ta’lim tizimini yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Hujjat tibbiy ta’lim sifatini oshirish, oliy va o‘rta maxsus tibbiy ta’lim tizimini eng yaxshi xalqaro amaliyotlar darajasida bosiqchma-bosqich shakllantirish hamda tibbiy yordam darajasini oshirishga yo‘naltirilgan.

Qarorda oliy toifali tibbiy kadrlarni magistratura tizimida tor mutaxassislik bo‘yicha (2−3 yillik ta’lim) tayyorlash, klinik ordinatura mutaxassisliklari bo‘yicha malaka oshirish va qayta tayyorlashni (2 yillik ta’lim) kengaytirish ko‘zda tutilgan.

Bakalavriatda umumkasbiy blok bo‘yicha o‘quv soatlari hajmini klinik o‘quv amaliyoti uchun gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy blokdagi o‘quv soatlarini umumiy o‘quv vaqti hajmidan 7 foizgacha qisqartirish hisobidan 85 foizga qadar oshirish rejalashtirilgan.

2017/2018 o‘quv yilidan boshlab o‘rta maxsus, kasb-hunar tibbiy ta’limida «hamshiralik ishi», «stomatologik ish», «tibbiy profilaktika», «laboratoriya diagnostikasi» va «farmatsiya» yo‘nalishlari belgilab olindi.

Bakalavriatning «davolash ishi», «kasbiy ta’lim» (davolash ishi), «harbiy-tibbiy ish» (davolash ishi) va «pediatriya ishi» yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim olayotgan 2−5 kurs talabalari uchun o‘qitish olti yillik ta’lim yakuni bo‘yicha bazaviy oliy tibbiy ta’lim olishni ta’minlovchi oliy tibbiy ta’limning moslashtirilgan o‘quv rejalari asosida olib borilishi belgilandi.

O‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy tibbiy ta’limning davlat ta’lim standartlari hamda o‘rta maxsus, kasb-hunar tibbiy ta’lim o‘quv reja va dasturlarini qayta ko‘rib chiqish belgilandi.

2017/2018 o‘quv yilidan boshlab tibbiyot OTMlariga qabul qilinuvchi abituriyentlar uchun bazaviy oliy tibbiy ta’limning yangilangan o‘quv rejalari joriy etilishi lozim.

Tibbiy ta’lim sohasida Sog‘liqni saqlash vazirligi vakolatli organ etib belgilandi.