O‘zbekiston poytaxtida tuman hokimiyatlari rahbarlarini yangilash jarayoni davom ettirilmoqda. Seshanba kuni Yunusobod va Chilonzor tumanlariga yangi hokim tayinlangani ma’lum bo‘lgan edi. Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining sobiq raisi Baxtiyor Abdusamatov va Davlat raqobat qo‘mitasi sobiq rahbari Davron Hidoyatov mos ravishda ularga hokim etib tayinlandi.

Toshkent hokimiyati ma’lumotlariga ko‘ra, yana to‘rtta tuman (poytaxtda jami 11 ta tuman mavjud) — Mirobod, Yashnobod, Uchtepa va Sergelida ham ma’muriyat rahbari o‘zgartirildi.

Sergeli tumaniga bunga qadar Toshkent hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiya va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Baxtiyor Rahmonov hokim bo‘ldi. Ungacha poytaxt hokimining birinchi o‘rinbosari, Mirobod tuman hokimi lavozimlarida ishlagan (tumanning avvalgi hokimi — Furqat Maqsudxodjayev).

Mirobod tumaniga «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tarkibiga kiruvchi Toshkent mexanika zavodining sobiq boshqaruv raisi — bosh direktor lavozimida ishlagan Shuhrat Po‘latov rahbarlik qiladi (avvalgi hokim — Sharofiddin Qodirov).

Yashnobod tumaniga bunga qadar O‘zbekiston iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatgan Dilmurod Turdiyev hokim bo‘ldi (avvalgi hokim — Farruh Hakimov).

Uchtepa tumaniga o‘tgan yillarda Mirzo Ulug‘bek tumani ma’muriyatini boshqargan Shavkatbek Irgashev hokim etib tayinlandi (avvalgi hokim — Jovdatxon Inog‘omov).