Qo‘shni mamlakatlar bilan mustahkam va do‘stona aloqalarni shakllantirish O‘zbekiston tashqi siyosatida ustuvor ahamiyat kasb etadi, dedi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov juma kuni bo‘lib o‘tgan Xalqaro press-klubda.

Qulay tashqi sharoitlarni yaratish nafaqat xalqning xavfsiz va tinch hayoti, balki O‘zbekiston ichki iqtisodiyotining barqarorligi uchun ham muhim, deya qayd etdi u.

«Gap O‘zbekiston atrofida o‘ziga xos «farovonlik kamari"ni shakllantirish haqida ketmoqda. Aynan shunday yondashuv asosida qo‘shnilarimiz bilan do‘stona va yaqin qo‘shnichilik aloqalarini o‘rnatishdek muhim ustuvor vazifa shakllantirildi», — dedi Abdulaziz Kamilov.

Transchegaraviy suvlardan ratsional foydalanish va taqsimlash masalasida vazir Markaziy Osiyo davlatlari ushbu masalalarda umummintaqaviy kelishuvga erishishi lozimligini ta’kidladi.

«Umummintaqaviy kelishuvga erishishning muqobili yo‘q. Yuqori va quyida joylashgan davlatlar bor, daryolar esa bor-yo‘g‘i ikkita — Amudaryo va Sirdaryo. Biz shunday mintaqaviy kelishuvga erishishimiz lozimki, har bir davlat o‘zining aniq huquq va majburiyatlariga ega bo‘lsin», — deya ta’kidladi tashqi siyosat mahkamasi rahbari.

Muammolarni hal etish uchun bahsli masalalar va zararlar kompensatsiyasini boshqarish bo‘yicha xalqaro mexanizmlardan foydalanish mumkin. Jumladan, BMTning Markaziy Osiyodagi preventiv diplomatiya bo‘yicha Mintaqaviy markazi Sirdaryo va Amudaryo bo‘yicha ikkita konvensiyani mintaqaning barcha davlatlari, shuningdek, AQSH, Rossiya, Yevropa ittifoqi va Jahon bankiga taqdim etdi. Loyiha XXRga ham yetkazilishi lozim.

«Mazkur konvensiyalar bilan dastlabki tanishuv shuni ko‘rsatmoqdaki, mazkur muarkkab muammolarni yechish bo‘yicha yetarlicha oqilona yondashuvlar mavjud. Umid qilamizki, qo‘shnilarimiz ham BMT taklifiga e’tibor qaratishadi va biz manfaatli muloqotni boshlashga erishamiz», — dedi Abdulaziz Kamilov.