Toshkentda poytaxt aholisi va mehmonlari maroqli hordiq chiqarib, sport bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan dam olish maskanlarini barpo etish bo‘yicha hukumat rejasini amalga oshirish ishlari davom ettirilmoqda.

Ana shunday yangi dam olish maskanlarining odatdagi madaniyat va istirohat bog‘laridan farqli jihatlari shundaki, ularda attraksionlar va shovqin-suronli ko‘ngilochar dasturlar bo‘lmaydi, asosiy urg‘u qulaylikka, jumladan, tabiat qo‘ynida faol hordiq chiqarishga qaratiladi.

Yaqin vaqtlar ichida Toshkent markazida — Shahrisabz va Mustaqillik ko‘chalari kesishmasida yangi dam olish maskani qurilishi boshlab yuboriladi. Le Grande Plaza mehmonxonasi yaqinidagi 3 ga dan ziyodroq maydondagi yashil hudud barcha yoshdagi poytaxt aholisi va mehmonlari uchun ko‘ngilli dam olish maskaniga aylantiriladi.

Kompaniyadan «Gazeta.uz"ga xabar qilinishicha, dam olish hududidagi piyodalar yo‘laklari rekonstruksiya qilinadi, noodatiy ko‘rinishdagi ko‘plab o‘rindiqlar, chiqindi idishlari, bolalar maydonchalari, kafe, rolik, skeytbord va velosipedlarda uchish uchun joy paydo bo‘ladi.

Maysazorlarda sayr qilish va bolalar bilan o‘ynash mumkin bo‘ladi, eskirgan sug‘orish tizimlari demontaj qilinadi. Mavjud favvora rekonstruksiya qilinib, osma favvoralar paydo bo‘ladi.

Bog‘ hududida internetga ulanish uchun bepul Wi-Fi bo‘lib, ayrim o‘rindiqlar va yoritish ustunlari mobil qurilmalarini quvvatlash uchun USB-portlarga ega bo‘ladi. Yoritish uchun quyosh batareyalaridan foydalanish ko‘zda tutilgan.

Foto