Toshkent hokimiyati Shanxay (Xitoy) meriyasi bilan hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzoladi, deb xabar qildi «Jahon» AA.

2017−2019 yillarda ikki shahar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ko‘zda tutgan hujjat O‘zbekiston poytaxti hokimiyati delegatsiyasining Shanxayga tashrifi jarayonida imzolandi.

Memorandum biznes va savdo-sotiqni rivojlantirish, ta’lim, madaniyat, turizm va sport kabi sohalarni qamrab oladi. Munitsipalitetlar shartnoma bandlarining bajarilishi monitoringini amalga oshiruvchi ishchi guruhini tuzdi.

Xitoyga safar doirasida O‘zbekiston vakillari Shanxayning urbanizatsiya, qurilish va kommunikatsiyalar bo‘yicha komissiyasi bosh kotibi Jin Chen bilan uchrashuv o‘tkazib, muzokaralar chog‘ida arxitekturaviy inshootlar qurilishi, kommunal sohalarni rivojlantirish, hududlarni ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi.

Shanghai Construction va Shangtex kompaniyalari rahbarlari bilan muzokaralarda Toshkent va uning atrofida amalga oshirilishi rejalashtirilgan istiqbolli loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. Xitoy kompaniyalarining O‘zbekiston poytaxtidagi qator ob’ektlar qurilishida ishtiroki to‘g‘risidagi dastlabki kelishuvga erishildi.