«Ijtimoiy fikr» markazi ekspress-so‘rovining 97 foizdan ziyod ishtirokchilari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yaqinda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida"gi qarorini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.

Markaz xabariga ko‘ra, respondentlar Islom Karimov siymosi aks ettirilgan haykallarni Toshkent, Samarqand va Qarshi shaharlarida o‘rnatish, mamlakatdagi qator muhim inshootlarga uning nomini berish, Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasini tashkil etish va boshqa choralarga alohida to‘xtalib o‘tdilar.

So‘rovnoma ishtirokchilari Prezident tavallud topgan sana — 30 yanvar kunini keng nishonlash, 2 sentyabr sanasini Xotira kuni sifatida yod etish, oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun Islom Karimov nomidagi Davlat stipendiyasini joriy qilish, siyosatchining hayoti va faoliyati haqida ilmiy hamda badiiy asarlar, hujjatli va badiiy filmlar yaratish haqidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.

Respondentlar taklif sifatida respublikaning har bir shahridagi ko‘chalardan biriga Islom Karimov nomini berish, ishtirokchilarning uchdan bir qismi esa eng yaxshi tadbirkor va fermer uchun birinchi Prezident nomidagi maxsus grantning ta’sis etilishi, Islom Karimov hayoti, davlat boshqaruvidagi faoliyati o‘rganiladigan o‘quv kursini tashkil etish ilgari surildi.

So‘rov qatnashchilari birinchi Prezident nomidagi mukofot ta’sis etilib, u Islom Karimov tashabbusi bilan asos solingan «Sharq taronalari» musiqa festivali doirasida topshirilishini taklif qildi.

Respondentlar qo‘shimcha ravishda sportdagi muvaffaqiyatlar uchun Islom Karimov nomidagi mukofotni ta’sis etishni ham taklif qildi.