O‘zbekiston Prezidentining 13-yanvardagi “2017 — 2020-yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish Dasturini samarali amalga oshirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori bilan “O‘zshahar qurilish invest” respublika ixtisoslashtirilgan injiniring kompaniyasini tashkil etish tasdiqlandi. Uning zimmasiga 2017 — 2020-yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturi bo‘yicha arzon ko‘p kvartirali uylarni to‘liq tayyor holda foydalanishga topshirish sharti bilan qurish va rekonstruksiya qilish vazifasi yuklatilgan.

Kompaniya vazifalari qatoridan moliyalashtirishni tashkil qilish va qurilishning borishi ustidan texnik nazoratni amalga oshirish, keyinchalik qurilgan arzon ko‘p kvartirali uylarni imtiyozli ipoteka kreditlari hisobiga aholiga sotish uchun “Ipoteka bank” ATIBga topshirish ham o‘rin olgan.

“O‘zshahar qurilish invest"ning ustav kapitali 1 mlrd so‘m bo‘lib, O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, “Ipoteka bank”, “O‘zmetkombinat”, “Qizilqumsement” va “O‘zbekinvest” mablag‘lari hisobidan shakllantiriladi.