O‘zbekiston Adliya vazirligi Prezidentning “Normativ-huquqiy aktlarni tarqatish, ular mazmun va mohiyatini tushuntirish tizimini tubdan yangilash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori loyihasini ishlab chiqdi.

Hujjat normativ-huquqiy aktlarni tarqatishning yagona tartiblari va ular bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib borishning yangi usullarini joriy etishni ko‘zda tutadi, deb xabar qilindi Adliya vazirligidan “Gazeta.uz"ga.

Hujjatda keltirilishicha, normativ-huquqiy aktlar bilan birgalikda, ular bo‘yicha axborot-tahlil materiallari ham tarqatiladi.

Normativ-huquqiy aktlarni rasmiy xatlar, rasmiy va norasmiy nashrlardagi maqolalar ko‘rinishida tarqatish taklif etildi. Jarayonga fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, NNT va OAVlar ham jalb qilinishi mumkin.

Qo‘shimcha ravishda “Huquqiy ma’lumotlarni tarqatish va ulardan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ham ishlab chiqilmoqda. Unda normativ-huquqiy aktlarni tarqatish mexanizmlari keltirib o‘tiladi.

Huquqiy axborotlar deganda barcha huquqiy-normativ aktlar, ularga rasmiy sharhlar, izohlar, tushuntirish va hujjatlar mazmun-mohiyatini xalqqa yetkazishga yo‘naltirilgan boshqa ma’lumotlar nazarda tutiladi.