Toshkent metropoliteni Yunusobod yo’nalishining 2017−2019-yillarga rejalashtirilgan ikkinchi bosqichi qurilishi uchun 124,8 mln dollar ajratiladi. Loyihaning hisob-kitob qiymati Prezidentning noyabrdagi qaroriga muvofiq tasdiqlangan bo‘lib, 4-yanvarda Moliya vazirligi saytida e’lon qilindi.

Loyiha O‘zbekiston davlat byudjetining uch yillik teng ulushdagi 72 mln dollar ekvivalenti baravaridagi mablag‘lari hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining 52,8 mln dollarlik krediti hisobidan amalga oshiriladi.

Qurilish ishlariga loyihaviy hujjatlar ekspertizasi, qurilishning olib borilishi va texnik nazorati, zarurat tug‘ilganida, qurilish-montaj ishlariga ixtisoslashgan xorijlik mutaxassislar jalb etiladi.

Loyihani amalga oshirish doirasida yakuniga yetkazilmagan qurilish ob’ektlari qiymati 2016-yil 1-oktyabr holatida qayta baholashni hisobga olganda 6,91 mlrd so‘mni tashkil etdi.