6:00 da butun O‘zbekiston bo‘ylab Prezident saylovi bo‘yicha saylov uchastkalari ochildi. Ularning jami soni — 9383 ta. Ovoz berish 20:00 ga qadar davom etadi. Xorijda 44 ta uchastka faoliyat ko‘rsatadi.

An’anaga ko‘ra, saylov uchastkalari ishi O‘zbekiston davlat madhiyasi ijrosi bilan boshlandi. Ovoz berish bo‘lib o‘tadigan binolar qarshisida kuy-qo‘shiqlar ijro etilmoqda, odamlarning kayfiyati ko‘tarinki.

Toshkentdagi 483-saylov uchastkasi.

Ilk saylovchilar hali uchastkalar ochilmasidanoq tashrif buyurdi. “Hamma birinchi bo‘lib ovoz berishni xohlamoqda”, — deydi Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 95-uchastka vakillaridan biri “Gazeta.uz"ga.

6:02 da poytaxtning Katta Chilonzor tumanidagi 483-saylov uchastkasida birinchi saylovchi — Nadejda Kolesnikova tashrif buyurdi. Bu yerda ovoz bergan birinchi uch saylovchi nafaqaxo‘rlar bo‘lib chiqdi.

Toshkentdagi 483-saylov uchastkasi.

“Bugun bir qancha ishlarni rejalashtirganman. Shu sababli ovoz berishga ertaroq tashrif buyurdim”, — dedi saylovchi. U saylovlarda har doim ham qatnashavermaganini tan oldi. “Ushbu saylov barchamiz uchun muhim, shu sababdan men ham kelmasam bo‘lmas edi”, — qayd etdi u.

Barcha uchastkalarda tibbiyot kabinetlari, ona va bola xonalari, kitob javonlari faoliyat ko‘rsatmoqda.

20 milliondan ziyod saylovchilar ro‘yxatga olingan.

Toshkentdagi 95-saylov uchastkasida siyosiy partiyalar kuzatuvchilari.

Saylovda to‘rt nomzod ishtirok etmoqda:

  • Sarvar Otamuratov (“Milliy tiklanish” Demokratik partiyasi);
  • Shavkat Mirziyoyev (Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — Liberal-demokratik partiyasi);
  • Xatamjon Ketmonov (Xalq demokratik partiyasi);
  • Narimon Umarov (“Adolat” Sotsial-demokratik partiyasi).

Toshkentdagi 95-saylov uchastkasi.