MDH missiyasi O‘zbekiston Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha olib borilgan kuzatuvlar jarayoni to‘g‘risida oraliq hisobotni e’lon qildi. Ushbu muddat missiya kuzatuvni boshlagan 17-noyabrdan 28-noyabrgacha oraliqni qamrab oldi.

Missiya fikricha, “umuman, saylov kampaniyasi sokin atmosferada, ochiq raqobat va yuqori tashkiliy darajada o‘tmoqda”. Missiyaning yakuniy xulosalari va bahosi saylovdan so‘ng e’lon qilinadi.

28-noyabr holatiga ko‘ra, missiya tarkibida Ozarbayjon, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston va MDH Ijro qo‘mitasi vakillaridan iborat 70 nafardan ziyod kuzatuvchilar akkreditatsiyadan o‘tgan.

Missiya a’zolari Markaziy saylov komissiyasi, Oliy Sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, shuningdek, YeXHT DIIHB missiyasi hamda prezidentlikka nomzodlarini ilgari surgan barcha siyosiy partiyalar saylovoldi shtablari rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Hujjatda Prezident saylovini o‘tkazish uchun qonunchilik bazasi, saylov komissiyalarini shakllantirish, nomzodlarni ilgari surish va ro‘yxatdan o‘tkazish, saylovchilar ro‘yxatini shakllantirish tartiblari, saylovoldi tashviqoti hamda saylov kampaniyasining OAVda yoritilishi jarayonlari qayd etilgan.

“Umuman, missiya fikricha, tashviqot jarayoni qonunchilikka rioya etilgan holda kechmoqda, prezidentlikka nomzodlarga o‘z saylov dasturlarini taqdim etish va saylovchilar bilan uchrashish uchun teng sharoitlar yaratilgan. MSK saylov jarayonining ochiqligi va shoffofligini ta’minlash uchun OAV imkoniyatidan samarali foydalanmoqda”, — deyiladi hisobotda.