Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson hukuqlari bo‘yicha byurosi (YeXHT DIIHB) 24-noyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti sayloviga tayyorgarlik jarayonini kuzatish yakunlari bo‘yicha oraliq hisobotini e’lon qildi.

DIIHB yettinchi bor O‘zbekistondagi saylovlarni kuzatishda ishtirok etayotgan bo‘lsa, birinchi marta to‘laqonli missiya bilan qatnashmoqda. Saylov bo‘lib o‘tadigan 4-dekabr kuni kuzatuv missiyasiga YeXHTga a’zo 21 davlatdan 250 nafar qisqa muddatli kuzatuvchi qo‘shiladi.

2−20-noyabr oralig‘idagi muddatni qamrab qolgan hisobotda O‘zbekistondagi saylov kampaniyasi va saylovoldi vaziyat tahlil qilingan. Bo‘lib o‘tajak saylov respublikaning birinchi Prezidenti Islom Karimovning 25 yillik rahbarligidan so‘ng mamlakat tarixidagi burilish davri bo‘lishi aytilmoqda.

YeXHT ekspertlari 2015-yil martdagi prezident saylovidan so‘ng O‘zbekiston saylov qonunchiligi takomillashtirilganini qayd etib, o‘zgartishlarni kiritishda DIIHBning avvalgi tavsiyalari inobatga olinganini ta’kidlashdi. Bu yerda gap prezidentlikka nomzodni ilgari surishda talab etiladigan imzolar miqdorini kamaytirish (umumiy saylovchilarning 5 foizidan 1 foiziga qadar), Markaziy saylov komissiyasi (MSK) qarorlarini uning rasmiy saytida albatta e’lon qilinishi, saylovoldi tashviqot to‘g‘risidagi me’yorlarni belgilash, muddatidan oldin ovoz berish jarayonini aniqlash va boshqalar haqida ketmoqda.

Hisobotda xabar qilinishicha, saylov kuni e’lon qilinganidan so‘ng MSK o‘z saytida 55 qaror matnini e’lon qildi. Jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun sharoitlar yaratilishi va (ilk bor) ko‘zi ojizlar uchun saylov byulletenlarining tayyorlanishi saylovda mustaqil ishtirok etish va saylovchi huquqlarining himoyalanishi borasidagi muhim yangiliklardan biri sifatida e’tirof etildi.

DIIHB missiyasi MSK tomonidan uchastka saylov komissiyalari a’zolari uchun treninglar tashkil etilgani, saylovchilarni axborot bilan ta’minlash va ularning huquqiy savodxonligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirayotganini qayd etdi. “Vakolatli” yoki “oilaviy” ovoz berishga chek qo‘yish bo‘yicha kampaniya hamda o‘zbek, qoraqalpoq va rus tillarida, surdotarjimali teledasturlarning tayyorlanishi alohida e’tirof etildi.

Saylov kampaniyasi jarayonini tahlil etar ekan, ekspertlar davlat rahbarligiga nomzodlarning hududlardagi saylovchilar bilan uchrashuvlarda yanada ko‘proq qamrovni ta’minlovchi videokonferens aloqadan foydalanayotganiga e’tibor qaratdi. Qonunchilikka yaqindagina kiritilgan, biroq haligacha amalga oshirilmagan debatlarni tashkil etish masalasi ham qayd etib o‘tildi.

Hisobotda saylov jarayonidagi ayrim kamchiliklar ham ko‘rsatib o‘tilgan. Jumladan, saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati mavjud emas. MSK rahbariyati tomonidan muqaddam e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, uni tashkil etish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari boshlangan bo‘lib, kelgusi saylovlarda bunday ro‘yxat faoliyat ko‘rsatadi.