O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi futbol bo‘yicha yoshlar o‘rtasida Osiyo chempionati puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Birlashgan Arab Amirliklarida so‘nggi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazmoqda. Musobaqa 2014- yilning 11-26- yanvar kunlari Ummonda bo‘lib o‘tadi.

O'zA xabar berishicha, 22 yoshgacha futbolchilardan iborat O'zbekiston yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Shuhrat Maqsudov mashg‘ulotlarga O‘zbekiston chempionati oliy ligasi jamoalaridan 23 nafar iste’dodli futbolchini jalb etgan.

Yoshlar jismoniy va texnik-taktik tayyorgarlik mashg‘ulotlaridan tashqari o‘yin amaliyotini oshirish uchun o‘rtoqlik uchrashuvlarida ham maydonga tushmoqda. Dastlabki o‘yin Dubayning «Hatta» jamoasiga qarshi o‘tkazildi.

O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi ustunligida o‘tgan musobaqa o'zbekistonliklar g‘alabasi bilan yakunlandi. G‘alaba keltirgan gol muallifi Dilshod Jo‘rayev bo‘ldi.

O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi Osiyo chempionatining "D" guruhidan chiqish uchun Xitoy, Iroq va Saudiya Arabistoni futbolchilari bilan bahslashadi. O'zbekistonliklar guruhdagi dastlabki uchrashuvni 12- yanvar kuni xitoylik tengqurlariga qarshi o‘tkazadi. Iroq terma jamoasiga qarshi ikkinchi tur bahsi 14- yanvarga belgilangan. Guruhdagi oxirgi o‘yin esa 16- yanvarda Saudiya Arabistoni vakillariga qarshi o‘tkaziladi.