Prezident “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 6 oy o‘tgach kuchga kiradi.

Qonun davlat organlariga va mahalliy davlat hokimiyati organlariga, davlat muassasalariga, davlat unitar korxonalariga, davlat maqsadli jamg‘armalariga, shuningdek, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz miqdorda va undan ortiq bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlariga nisbatan tatbiq etiladi, deyiladi xabarda.

Unga davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi, manfaatlar to‘qnashuvi, manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha maxsus bo‘linma, shaxsiy manfaatdorlik, yaqin qarindoshlar kabi asosiy tushunchalar kiritilgan.

Quyidagi shaxslar davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimiga aloqador shaxslar deb e’tirof etiladi:

  • davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining yaqin qarindoshlari;
  • davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi va (yoki) uning yaqin qarindoshlari qaysi yuridik shaxsning ustav fondi aksiyalariga yoki ulushlariga egalik qilsa, o‘sha yuridik shaxs;
  • ular qaysi yuridik shaxsda boshqaruv organining rahbari yoki a’zosi bo‘lsa, o‘sha yuridik shaxs.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi.

Davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimi tomonidan qonun talablariga rioya etilishi ustidan nazorat ushbu davlat organida yoki boshqa tashkilotda tuzilgan odob-axloq komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Qonunga ko‘ra, manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi axborotni oshkor etish davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi tomonidan mavjud manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida xabarnoma hamda ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida deklaratsiya taqdim etish orqali amalga oshiriladi.

Ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyada quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi kerak:

  • davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining lavozimi hamda uning familiyasi, ismi, otasining ismi, shuningdek, uning JSHSHIRi;
  • davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimi yaqin qarindoshlarining familiyasi, ismi va otasining ismi, ularning JSHSHIRi (mavjud bo‘lgan taqdirda), shuningdek, ish joyi va lavozimi;
  • davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi yoki uning yaqin qarindoshlari aksiyador bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatining rasmiy nomi va uning STIRi;
  • davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining yaqin qarindoshi muassis (ishtirokchi), boshqaruv organi a’zosi bo‘lgan yuridik shaxsning rasmiy nomi, shuningdek, uning STIRi.

“Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun

2022-yil 10-may kuni Adliya vazirligi “Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilgandi. Qonun manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solishni nazarda tutadi. Hujjatda manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni deklaratsiya qilish va oldindan xabar berish tartibini yo‘lga qo‘yish, bunga amal qilmaganlarni esa jarimaga tortish belgilangan. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ma’muriy bayonnoma tuzish bo‘yicha vakolatli organ bo‘lishi ko‘zda tutilgandi.

Shu yilning 25-oktabrida qonun loyihasi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilingan. Antikorrupsiya agentligi rahbari Akmal Burxonovning ta’kidlashicha, agentlik tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda davlat xizmatida minglab manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yganlik holatlari aniqlangan, ammo huquqiy asos yoki javobgarlik belgilanmagani sababli ularni bartaraf etishda qiyinchiliklar mavjud bo‘lgan. Shu tariqa qonun loyihasi Senatga yuborilgan.

2023-yilning 1-iyunida senatorlar “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunni ko‘rib chiqqan va ma’qullagan. Tanzila Narbayeva manfaatlar to‘qnashuvi davlat organlaridagi korrupsiyaviy holatlarning boshlang‘ich nuqtasi ekanini qayd etgandi.

“Qonun bilan korrupsiyaga qarshi kurash yo‘nalishidagi qonunchilikda manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq bo‘shliqlar yopilmoqda, bu yo‘nalishni qonunan tartibga soluvchi aniq mexanizmlar belgilanmoqda. Manfaatlar to‘qnashuvining huquqiy oqibatlari belgilanmoqda, ya’ni bunday holatda qabul qilingan qarorlar va tuzilgan bitimlar sud hukmi orqali bekor qilinishi mustahkamlanmoqda”, — degandi Senat raisi o‘shanda.

2024-yil yanvar oyida Tanzila Narbayeva yana “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunga izoh berib, hozirda hujjatni Prezident administratsiyasi ekspertlari o‘rganayotganini aytgandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov “Gazeta.uz”ning “Mifonomika” loyihasida manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonun prezident tomonidan imzolanish bosqichida ekanini aytgan edi.

““Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish to‘g‘risida”gi qonun Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senat tomonidan maqullangan. Prezident tomonidan imzolanishi kutilmoqda. Hozir Prezident administratsiyasida muhokamada”, — degandi o‘shanda Akmal Burxanov.