Toshkentdagi sobiq MXX majmuasi hududidagi eman daraxtlarini ko‘chirish jarayoniga mas’ul bo‘lgan Muna Mug kompaniyasi direktori Farrux Hakimov fotograf Kamil Yenikeyev ko‘chirib o‘tkazilgan daraxtlarni suratga olishiga to‘sqinlik qilishga urindi.

Poytaxtlik fotografning aytishicha, u Ulug‘bek nomli qishloqda bo‘lganida daraxtlar ko‘chirib o‘tkazilgan joy yaqinida bir nechta surat olgan. Bu vaqtda Farrux Hakimov uning yoniga kelib, “bu uning shaxsiy mulki”, deya gap boshlagan.

“Nimani suratga olyapsan? Bu yerda nima qilyapsan? Qo‘rqyapsanmi, rasmga olyapsan? Mendan qo‘rqyapsanmi? Qo‘rq. Nimani suratga olyapsan? Bu yerda nima qilyapsan? Suratga olishni xohlaganmiding? Shunaqa aqllimisan? Nega bu yerda aqllilik qilyapsan? Ket bu yerdan. Kamerangni ol. Kamerani ol, e. Hozir buni (energetik ichimlik — tahr.) ustingga to‘kib yuboraman. Ol kamerani. Ol kamerani. Ol kamerani. Ol kamerani”, — degan u videoda.

Kompaniya rahbari avvaliga energetik ichimlikni fotografning ustiga sepishga uringan, keyin esa ustidan to‘kkan.

Ko‘chirib o‘tkazishga ruxsat yo‘q — ekolog

22-may kuni ijtimoiy tarmoqlarda mato bilan o‘rab tashlangan ulkan buyumlar uzun tirkamalarda tashilayotgani jarayoni aks etgan videolar paydo bo‘ldi. Toshkent shahri Ekologiya boshqarmasi sobiq MXX (DXQ) binolari majmuasidan olib tashlangan 26 tup ko‘p yillik eman daraxti Toshkent viloyatidagi istirohat bog‘iga ko‘chirib o‘tkazilishi haqida xabar berdi.

Ekologiya boshqarmasi tomonidan tarqatilgan videorolikda Farrux Hakimov barcha daraxtlar to‘liq sog‘lom ekani, ularni qayta ekishda barcha zarur agrotexnik talablarga rioya qilinayotganini aytgandi. Uning ta’kidlashicha, ko‘chirish boshlanishidan avval mutaxassislar ishtirokida jamoatchilik muhokamalari ham o‘tkazilgan.

Ekologiya boshqarmasi boshlig‘i Tursunpo‘lat Egamovning Kun.uz`ga ma’lum qilishicha, buzib tashlangan MXX binosi o‘rnida Radisson mehmonxona majmuasini qurayotgan Metropol Group kompaniyasi yanvar oyida daraxtlarni kesishga ruxsat olish uchun xat yuborgan, biroq boshqarma daraxtlarni tag qismidan kesishga ruxsat bermagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qonunchilikda Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-avgustdagi 464-son qarori bilan belgilangan daraxtlarni ko‘chirish tartibi mavjud, biroq bu jarayon uchun ruxsatnoma berish tartibi yo‘q.

“Biz daraxtlarni ko‘chirishga ruxsatnoma bera olmaymiz. 3 kun oldin xat asosida xabar beriladi. Ko‘chirishga biz tomonimizdan inspektor ajratilishi kerak. 2,5 oydan beri hech nimadan xabarsiz edik”, — dedi mas’ul.

Tursunpo‘lat Egamov korxona hech bir tashkilotdan ruxsat olmasdan daraxtlarni ko‘chirishga kirishganini tasdiqladi. Qo‘chirib o‘tkazish uchun yollangan Muna Mug kompaniyasi egasi Farrux Hakimov ruxsatnoma olinganini aytgan, lekin hujjatni ko‘rsatmagan.

Hakimovning so‘zlariga ko‘ra, daraxtlarni ko‘chirish ishlari 2,5 oy oldin boshlangan. 30−70 yoshli 26 ta eman daraxtini ko‘chirish ishlari davom etmoqda.

“Daraxtni ko‘chirishda eng qiyin narsa — uni dumaloq qilib olish. Bitta ko‘chirilayotgan daraxt 55−60 tonnagacha bo‘ladi. Ularni yotqizib tashib kelish uchun 32 metrli trall kerak. Daraxt tanasini maksimal saqlab qolish uchun shunaqa uzun trallni oldik. Bitta daraxtni ko‘chirib kelishga 12 soat vaqt ketyapti”, — degan Hakimov intervyuda.

Tadbirkor “daraxtlarning qurimasligiga 100 foiz kafolat” berishiga ishontirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ular daraxt qurib qolmasligi uchun ildizlarning 80 foizdan ortiq qismini chiqarib olgan. 2 yilda shoxlari oldingi holatiga qaytib chiqadi, dedi u.

Ekologiya vazirligi vakili Tursunpo‘lat Egamovning aytishicha, daraxtni ko‘chirayotgan tadbirkor kim bilan shartnoma qilgan bo‘lsa, daraxtning taqdiriga ham o‘sha kompaniya javobgar.

“Biz tadbirkor bilan biriktirish dalolatnomasini tuzamiz. 3 yil ichida o‘sha daraxtlar qurib qolsa, tabiatga yetkazilgan zarar miqdori hisoblanib, qurib qolganligi uchun jarima jazosi belgilanadi. Bu daraxtlar ko‘pligi sabab, Jinoiy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 198-moddasiga (Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish — tahr.) ko‘ra jinoiy ish ochilishi mumkin. Har biri uchun milliarddan oshiq miqdorda jarima belgilanishi mumkin”, — dedi Egamov.

2021-yil iyun oyida Metropol Group ta’sischisi bo‘lgan TIV sobiq rahbarining o‘g‘li Daniyor Kamilov MXX sobiq binosini 210 mlrd so‘mga xususiylashtirgandi. 2023-yil mart oyida Metropol Group kompaniyasi Radisson Hotel Group bilan premium klassdagi Radisson Collection Hotel Tashkent`ni ochish bo‘yicha shartnoma imzolagan. Loyihaning qiymati 100 mln dollarga baholanmoqda.