26−27-may kunlari Isroil Rafahdagi chodirlar lagerlarga havo hujumi uyushtirdi. G‘azoning HAMAS nazoratidagi Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, hujum oqibatida kamida 45 kishi halok bo‘lgan, yana yuzlab odamlar kuyish, sinish kabi hamda bomba parchalaridan jarohat oldi. Bu haqda BBC rus nashri xabar qildi.

Isroil parlamentida so‘zlagan Netanyaxu zarba “fojiali baxtsiz hodisa” ekanligini aytdi, ammo shunday qo‘shimcha qildi: “Men barcha maqsadlarga erishilmaguncha urushni tugatish niyatida emasman”.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil tinch aholini himoya qilish uchun barcha mumkin bo‘lgan ehtiyot choralarini ko‘rmoqda va “Isroil armiyasi mojaroga aloqador bo‘lmaganlarga zarar yetkazmaslik uchun harakat qilmoqda”.

“Rafahda biz millionlab aholini evakuatsiya qildik, ammo harakatlarimizga qaramay, kecha fojiali voqea sodir bo‘ldi”, — dedi Netanyaxu parlamentda. “Biz ushbu hodisani tekshiramiz va xulosa chiqaramiz, chunki bu bizning siyosatimiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Isroilning zarbasi xalqaro, jumladan, gumanitar tashkilotlar, BMT va Yevropa Ittifoqi tomonidan qoralandi. Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Xosep Borrelning aytishicha, Isroil BMT sudining Rafahga hujumni to‘xtatishga buyruq bergan qarorini hurmat qilishi kerak.

“Bu operatsiyalar to‘xtatilishi kerak. Rafahda falastinlik tinch aholi uchun xavfsiz hududlar yo‘q”, — deb yozdi Fransiya prezidenti Emmanuel Makron X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida. “Men xalqaro huquqni to‘liq hurmat qilishga va zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqiraman”, — deya qo‘shimcha qildi Makron.

Isroilning HAMAS bilan muzokaralarida vositachilik qilayotgan Qatar Tashqi ishlar vazirligi bu voqea to‘xtab qolgan maslahatlashuvlarni qayta tiklash va garovga olinganlarni ozod qilish harakatlariga to‘sqinlik qilishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Axborot agentliklarining diplomatik manbalariga ko‘ra, seshanba kuni Jazoir tashabbusi bilan BMT Xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.

Isroil yakshanba kuni Rafahga hujumni HAMAS bir necha oy ichida Tel-Avivga birinchi raketa hujumini uyushtirganidan bir necha soat o‘tib boshladi.

Isroil rasmiylariga ko‘ra, yakshanba kuni Rafahda uyushtirilgan zarbada ikki nafar yuqori martabali HAMAS jangarilari Yasin Rabiya va Holid Nagar halok bo‘lgan.

“Zarba xalqaro qonunlarga muvofiq, aniq o‘q-dorilardan foydalangan holda va HAMAS hududdan foydalanayotganini ko‘rsatuvchi aniq razvedka ma’lumotlariga asoslanib, qonuniy nishonlarga qarshi amalga oshirildi”, — dedi yakshanba kuni isroillik harbiylar.

Falastin Qizil Yarim Oy jamiyatining bildirishicha, Isroil Rafah markazidan taxminan 2 kilometr shimoli-g‘arbda joylashgan Tal as-Sultonda BMT hududi yaqinida ko‘chirilgan odamlar uchun chodirlarni nishonga olgan.

Voqea joyidan olingan video va fotosuratlarda kuchli yong‘in, chodirlar va avtomobillarning yonayotgan qoldiqlari, shuningdek, qutqaruvchilar va o‘tganlarning jasadlarini olib ketayotgani aks etgan.

Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi jarohat olganlar va kuyganlar uchun davolanishni so‘rab dala shifoxonalaridan biriga qurbonlar oqimi bo‘lganini ta’kidladi.

“Chegara bilmas shifokorlar” (CHBSH) dushanba kuni o‘z muassasalaridan birida hujumdan so‘ng kamida 28 kishi, jumladan, ayollar va bolalar halok bo‘lgani va 180 kishi yaralanganini ma’lum qildi. CHBSH Isroilning zarba aniq bo‘lgani haqidagi da’volarini rad etdi.

AQSh rasmiylari esa “Isroil tinch aholini himoya qilish uchun barcha choralarni ko‘rishi kerak”ligini qayd etdi.

Isroil hujumi yakshanba kuni HAMAS Tel-Aviv va Isroil markazining boshqa qismlarini bir necha oy ichida birinchi marta raketa otganidan bir necha soat o‘tib sodir bo‘ldi va odamlar bomba boshpanalariga qochdi. Isroil havo hujumiga qarshi mudofaa tizimi raketalarning ko‘p qismini yo‘q qildi.

HAMASning harbiy qanoti Izziddin al-Qassam brigadasi o‘zining Telegram kanalida “sionistlar tinch aholini qirg‘in qilishlariga javoban Tel-Avivga kuchli raketa zarbalari bilan” hujum qilganini ma’lum qildi.

Seshanba kuni Ispaniya, Irlandiya va Norvegiya Falastin davlatini rasman tan olishi kerak, bu qadam BMTga a’zo 140 dan ortiq davlatlar tomonidan amalga oshirilgan.

Biroq, Ispaniya tashqi ishlar vaziri Xose Manuel Albares yakshanba kuni aytganidek, Falastin davlatchiligini tan olish “Falastin xalqi uchun adolat va Isroil uchun xavfsizlikning eng yaxshi kafolatidir”.

Falastin davlatini tan olishni “terrorizmga da’vat” deb bilgan Isroil dushanba kuni Madridga qarshi javob choralarini e’lon qildi: 1-iyundan boshlab uning Quddusdagi konsulligiga falastinliklarga konsullik xizmatlari ko‘rsatish taqiqlandi.

Tashqi ishlar vaziri Israil Kats “Kim HAMASni rag‘batlantirsa va Falastin terrorchi davlatini yaratishga harakat qilsa, falastinliklar bilan aloqasi uziladi”, — dedi.

7-oktabr kuni HAMAS Isroil janubiga hujum qilib, 1200 ga yaqin odamni o‘ldirgan va 252 kishini garovga olganidan keyin Isroil G‘azoga keng ko‘lamli hujum boshladi.

G‘azoning HAMAS nazoratidagi Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qilishicha, o‘shandan beri urushda kamida 35 800 falastinlik halok bo‘lgan.

  • Isroil armiyasi may oyi boshida Rafahda XAMASga qarshi “maqsadli operatsiya” boshlanganini e’lon qilgandi.
  • Rafah — G‘azo sektorining janubidagi Misr bilan chegaradosh shahar, urush boshlanganidan beri anklavning shimoliy va markaziy qismlaridan kelgan 1 milliondan ortiq falastinlik qochqin u yerda boshpana topgan.
  • Isroil so‘nggi bir necha oydan beri Rafahga quruqlikdan hujum uyushtirish bilan tahdid qilib kelmoqda. Isroil rasmiylariga ko‘ra, shaharda minglab HAMAS jangarilari va o‘tgan yilning 7-oktabrida Isroilga hujumi chog‘ida guruh tomonidan asirga olingan, ehtimol, o‘nlab isroilliklar jon saqlamoqda.