BMT Xalqaro sudi 24-may kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida Isroil Rafahdagi harbiy amaliyotini zudlik bilan to‘xtatishi kerakligi haqida qaror qabul qildi, deb xabar bermoqda Reuters. Hukm JAR da’vosi yuzasidan chiqarildi.

that could create living conditions for the Palestinians in the Gaza Strip that could lead to its total or partial physical destruction

“Isroil hukumati (…) Rafah provinsiyasidagi harbiy hujumi va G‘azo sektoridagi falastinliklarga yashash sharoitlarining to‘liq yoki qisman jismoniy vayron bo‘lishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan holat yaratuvchi har qanday boshqa harakatlarini zudlik bilan to‘xtatishi kerak”, — dedi sud raisi Navaf Salom.

Qarorni 15 nafar sudyadan 13 nafari qo‘llab-quvvatladi.

Bundan tashqari, sud Isroildan insonparvarlik yordamini yetkazib berish uchun Misr bilan chegaradagi Rafah nazorat-o‘tkazish punktini ochishni talab qildi, shuningdek, tergov komissiyasiga qamaldagi anklavga kirish huquqini berish va hukm ijrosi yuzasidan bir oy muddatda hisobot berishni buyurdi.

  • Isroil armiyasi may oyi boshida Rafahda XAMASga qarshi “maqsadli operatsiya” boshlanganini e’lon qilgandi.
  • Rafah — G‘azo sektorining janubidagi Misr bilan chegaradosh shahar, urush boshlanganidan beri anklavning shimoliy va markaziy qismlaridan kelgan 1 milliondan ortiq falastinlik qochqin u yerda boshpana topgan.
  • Isroil so‘nggi bir necha oydan beri Rafahga quruqlikdan hujum uyushtirish bilan tahdid qilib kelmoqda. Isroil rasmiylariga ko‘ra, shaharda minglab HAMAS jangarilari va o‘tgan yilning 7-oktabrida Isroilga hujumi chog‘ida guruh tomonidan asirga olingan, ehtimol, o‘nlab isroilliklar jon saqlamoqda.

Isroilga qarshi genotsid da’vosi

JAR 29-dekabr kuni BMT Xalqaro sudiga Isroilga qarshi da’vo arizasi bilan chiqqandi. Unda aytilishicha, 2023-yil 7-oktabrda HAMAS hujumidan so‘ng boshlangan Isroilning G‘azo sektoridagi falastinliklarga qarshi “harakat va harakatsizligi” “genotsid"dir, “chunki bu Falastin aholisining katta qismini — irqiy va etnik guruhini yo‘q qilishga qaratilgan”.

JAR, shuningdek, sudni falastinliklarni huquqlarining “yanada jiddiy va tuzatib bo‘lmaydigan” buzilishidan himoya qilish va “Isroilning konvensiya bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishini ta’minlash” uchun profilaktik choralar ko‘rishga chaqirgan. Bu chora-tadbirlar Isroilning anklavdagi harbiy amaliyotlarini to‘xtatish buyrug‘ini anglatadi.

Isroil JARning ayblovini qat’iyan rad etib, uni “g‘azablangan qonli tuhmat” deb atagan.

Yanvar oyida sud da’vo bo‘yicha vaqtinchalik qaror chiqargan va Isroil G‘azoda genotsidning oldini olish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishi kerak, degan qarorga kelgan. Biroq sud zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirmagan.

10-may kuni JAR Rafahda quruqlikdagi operatsiya boshlanishi munosabati bilan Isroilga qarshi qo‘shimcha favqulodda choralar ko‘rish uchun yana sudga murojaat qildi.

Xalqaro sud qarorlari ijro etiladimi?

Xalqaro sud qarorlari qonuniy kuchga ega, ammo institutda ularning bajarilishini ta’minlash mexanizmlari mavjud emas.

2022-yil mart oyida sud Rossiyaga Ukrainadagi urushni zudlik bilan tugatishni buyurgandi, biroq Rossiya hukumati bu qarorni e’tiborsiz qoldirgan.

Biroq, Reuters`ning ta’kidlashicha, hukm Isroilning xalqaro obro‘siga putur yetkazishi va yuridik pretsedent yaratishi mumkin. Ko‘pgina davlatlar, masalan, qurollarni ularni xalqaro huquqqa zid ravishda ishlatishi mumkin bo‘lgan mamlakatlarga sotishni taqiqlovchi qoidalarga ega.