Bosh prokuratura matbuot xizmati bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevning Turkiyada ikki erkak bilan muloqot qilayotgani aks etgan videoga izoh berdi.

Video ostida bosh prokuror qidiruvga berilgan va hozirda Turkiyada qochib yurgani aytilgan Sherali va Abduvali Abdullayev bilan “xufiyona” uchrashgani, biroq uchrashuvda nima haqda gap borgani ma’lum emasligi ta’kidlagan. Xabarda sud “Ulgurjisavdo” aksiyadorlik jamiyatiga nisbatan jinoyat sodir etmagan deya hukm chiqargan Abduvalining o‘g‘li Rahmatilla Abdullayev ham qayd etilgan.

Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, 2−4-yanvar kunlari Nig‘matilla Yo‘ldoshev mehnat ta’tili davrida salomatligini tiklash maqsadida o‘z hisobidan Turkiyaga borib, Medipol Mega tibbiyot klinikasida davolanish muolajalaridan o‘tgan. Turkiyada unga avvaldan tanishi bo‘lgan Azim Jo‘raboyev (videoda qora rangli kurtkada) hamrohlik qilgan.

“Bosh prokuror Azim Jo‘raboyev bilan klinikada gaplashib turgan vaqtida ularning oldiga asli familiyasi Sobirjanov (xabarda Sherali Abdullayev deb ko‘rsatilgan) bo‘lgan Sherali ismli shaxs kelib, o‘zini tanishtiradi. Shu vaqtda ular klinikaga kelishi sabablari haqida suhbatlashishadi. Sherali Sobirjanov klinikaga o‘zining farzandini davolanishga olib kelganligini aytib, bosh prokurorni tanib qolgani uchun ular bilan hamsuhbat bo‘lishga yonlariga kelganini tushuntiradi. Shunday qilib, videoda bosh prokuror yonida turgan ikki shaxsning biri Sherali Sobirjanov bo‘lsa, ikkinchisi Abduvali Abdullayev emas, balki Azim Jo‘raboyev bo‘lgan”, — deyiladi xabarda.

Idora matbuot xizmatining “Gazeta.uz”ga aniqlik kiritishicha, Nig‘matilla Yo‘ldoshev Sherali Sobirjonov bilan avvaldan tanish emas va qidiruvda ekanidan xabari bo‘lmagan.

Nig‘matilla Yo‘ldoshev. Foto: SenatNig‘matilla Yo‘ldoshev. Foto: Senat

Abduvali Abdullayev va Sherali Sobirjonovlar o‘zi kim?

BP ma’lumotlariga ko‘ra, Abduvali Abdullayev 2018-yil 10-may kuni Baxmal Juice Master MCHJga bankdan 1,1 mln dollar kredit olib, kredit qarzdorligining 633 ming dollarini qasddan qoplanmagani oqibatida garovidagi O‘zengilulgurjisavdo MCHJga tegishli mulk (ma’muriy bino) bank tasarrufiga o‘tib ketgan. Shu bois jamiyat manfaatiga katta miqdorda zarar yetkazilgan.

“O‘zengilulgurjisavdo” MCHJ ta’sischilarining arizasiga asosan 2021-yil 25-yanvar kuni Abdullayevga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Juda ko‘p miqdordagi firibgarlik) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishi doirasida ayblanuvchi Abdullayevga jinoyat kodeksining bir nechta moddalari bilan ayb e’lon qilinib, sudning ajrimi bilan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan. Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari ayblanuvchi qayerda ekani noma’lum bo‘lgani sababli vaqtincha to‘xtatilgan.

Bosh prokuraturaning ta’kidlashicha, jinoyat ishi doirasida Abduvali Abdullayevning o‘g‘li Rahmatilla Abdullayev ham Jinoyat kodeksining 168- (Firibgarlik), 233- (Band solingan mulkni qonunga xilof ravishda tasarruf etish) va 184-moddalari (Soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) bilan tuzilgan ayblov xulosasiga ko‘ra ayblanuvchi sifatida jalb qilingan.

Yakkasaroy tuman sudining 2022-yil 13-iyunidagi hukmiga ko‘ra, Rahmatilla Abdullayev Jinoyat kodeksining 184-moddasi bilan aybli deb topilgan va unga jarima jazosi tayinlangan. Jinoyat kodeksining 168- va 233-moddalari bilan esa aybsiz deb topilib, reabilitatsiya qilingan.

Toshkent shahri sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2022-yil 27-sentabrdagi yildagi ajrimi bilan yuqoridagi sud hukmi o‘zgarishsiz, Yakkasaroy tuman prokurorining apellyatsiya protesti va shikoyatlar qanoatlantirilmasdan qoldirilgan.

Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasining 2023-yil 28-fevraldagi ajrimi bilan apellyatsiya instansiyasining 2022-yil 27-sentabrdagi ajrimi bekor qilinib, jinoyat ishi yangitdan apellyatsiya instansiyasi sudida ko‘rib chiqish uchun yuborilgan. Ish Toshkent shahri prokurorining protesti va fuqaroviy da’vogarning shikoyati asosida ko‘rilgan.

Toshkent viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2023-yill 26-iyundagi ajrimi bilan birinchi instansiya sudining hukmi bekor qilingan. Rahmatilla Abdullayev Jinoyat kodeksning 168- va 184-moddalari bilan aybli deb topilib, 4 yil 6 oy ozodlikni cheklash va bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Oliy sudning kassatsiya instansiyasi ushbu sud hukmini bekor qilib, ishni yana apellyatsiya sudiga yuborgan.

Toshkent shahri sudi apellyatsiya instansiyasining 2024-yil 24-apreldagi ajrimiga ko‘ra, Yakkasaroy tumani sudining 2022-yil 13-iyunda dastlab chiqarilgan hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan. Yakkasaroy tuman prokurorining Rahmatilla Abdullayevni Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi, 233-moddasi 1-qismi va 184-moddasi 3-qismi bilan aybli deb topib, jazo tayinlash haqidagi prokuror protesti va jabrlanuvchilarning shikoyatlari rad qilingan.

Hozirda Bosh prokuratura tomonidan yuqoridagi appelyatsiya ajrimiga nisbatan taftish tartibida prokuror protesti keltirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Ikkinchi shaxs — Sherali Sobirjanov esa Orental Fresh Food MCHJ rahbari lavozimida ishlab kelib, bankka soxta kontraktlarni taqdim etgan holda haqiqiy bozor narxi 494 ming 438 dollarlik muzlatgich va 430 ming 182 dollarlik quritish jihozlari uchun jami 1 mln 597 ming 630 dollarini Xitoy davlatiga to‘lab berib, 673 010 dollarini talon-toroj qilgan.

Unga nisbatan 2019-yil 20-iyul kuni Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi va boshqa moddalar bilan sirtdan ayblov e’lon qilinib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, qidiruv e’lon qilingan.

Jinoyat ishi Ichki ishlar vazirligi Tergov departamentining ish yurituvida bo‘lib, hozirda dastlabki tergov harakatlari vaqtincha to‘xtatilgan.