Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda pora olishda gumonlangan mansabdorlar qo‘lga tushdi, deya xabar bermoqda O‘zA.

Qayd etilishicha, Sirdaryo viloyati Soliq boshqarmasining soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish bo‘limi bosh inspektori Guliston shahridagi 3 ta MCHJga tegishli soliq qarzlarini ularni soddalashtirilgan tartibda bankrot deb topish yo‘li bilan bartaraf qilib berishini aytgan. Evaziga 4 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumani soliq inspeksiyasi katta inspektori esa bog‘dorchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalikning 2023−2024-yillar uchun yer solig‘idan aniqlangan 11 mln 200 ming so‘m miqdoridagi qarzdorligini bartaraf qilib berishini bildirgan va buning evaziga 7 mln so‘m so‘ragan.

Shuningdek, ushbu xo‘jalik rahbarining tanishiga tegishli noturar joyning mol-mulk va yer soliqlaridan bo‘lgan 55 mln 100 ming so‘m qarzdorligini ham to‘liq bartaraf qilib berish evaziga 28 mln so‘m talab qilgan. Jami 35 mln so‘m pul mablag‘ini olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Bundan tashqari, Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanidagi meva-sabzavot saqlash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi kompaniyaga sovitish ombori qurish va unga zarur bo‘ladigan agregatlar sotib olish uchun 2023-yilning yanvar oyida aksiyadorlik tijorat bankidan 170 ming dollar miqdorida kredit ajratilgan. Biroq olingan kreditni to‘lash davrida 3 oylik qarzdorlik yuzaga kelib, uni undirish maqsadida bank tomonidan Majburiy ijro byurosining Uchqo‘rg‘on tuman bo‘limiga murojaat qilingan.

Shundan so‘ng, MCHJ tomonidan kredit qarzdorligi to‘lansa-da, byuroning 2 nafar davlat ijrochisi MCHJ rahbarini aldab, go‘yoki tuman prokuraturasi tomonidan kredit mablag‘i maqsadsiz sarflangani holati bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini aytgan.

Uni javobgarlikka tortilmasligiga yordam berish evaziga 2 ming dollar talab qilishgan. Lekin so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtlarida ularga ushlangan.

Shu bilan birga, Jizzax shahridagi advokatlar hay’ati advokati Jinoyat kodeksining 165-moddasi va boshqa moddalar bilan ayblanib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan o‘z himoyasidagi sudlanuvchiga sud organlaridagi mansabdor tanishlari orqali ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlatib berishini bildirgan. Ammo u evaziga 10 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.

Hozirda mazkur shaxslaring barchasiga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan, deyiladi xabarda.