AQSh Xitoyning bir qator banklariga qarshi sanksiyalar ishlab chiqmoqda, bu ularni jahon moliya tizimidan uzib qo‘yishi mumkin, deb xabar bermoqda The Wall Street Journal (WSJ) manbalariga tayanib. Shu orqali Vashington Pekinning Rossiya harbiy sanoatiga moliyaviy yordamini to‘xtatishga umid qilmoqda, deya qayd etadi nashr.

Tayyorlanayotgan sanksiyalar haqidagi ma’lumotlar AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenning Xitoyga tashrifi arafasida paydo bo‘ldi. Blinken yuqori martabali Pekin rasmiylari bilan Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush, Yaqin Sharq va Tayvandagi keskinliklarni muhokama qilishi kutilmoqda.

Amerika rasmiylarining ta’kidlashicha, Xitoy G‘arb ogohlantirishlariga quloq solib, o‘zi Rossiyaga qurol yubormagan bo‘lsa-da, sxemalar, samolyotlar qismlari, avtomobillar va dastgohlarning asosiy yetkazib beruvchisiga aylangan. Bu yordam Moskvaga harbiy-sanoat salohiyatini tiklash imkonini bergan, deb hisoblaydi Vashington.

AQSh Xitoy banklarining dollarga egalik qilish imkoniyatinining yo‘qolish xavfi va Yevropa bilan savdo aloqalarining yomonlashishi riski Pekinni yo‘nalishini o‘zgartirishga ishontirishidan umid qilmoqda. Banklar Rossiyaga eksport qilish, to‘lovlarni qayta ishlash va mijoz kompaniyalarga savdo kreditlari berish uchun asosiy vositachilar hisoblanadi.

WSJ manbalarining ta’kidlashicha, agar diplomatiya Pekinni eksportni cheklashga ko‘ndira olmasa, banklarga nisbatan sanksiyalar qo‘llash eskalatsiya varianti bo‘lib xizmat qiladi. AQSh rasmiylari so‘nggi haftalarda shaxsiy uchrashuvlar va qo‘ng‘iroqlarda Pekinga bosimni kuchaytirgan va Vashington ikki maqsadli tovarlar savdosi bilan shug‘ullanadigan Xitoy moliya institutlariga qarshi choralar ko‘rishga tayyorligidan ogohlantirgan.