Toshkent shahri hokimligi Bektemir tumanidagi 276 ta geografik obyektning nomini o‘zgartirish va ularga nom berish bo‘yicha ovoz berish jarayoni boshlanganini e’lon qildi. Takliflarni qabul qilish geonom.tashkent.uz saytida 13-aprelda boshlangan va 27-aprelgacha davom etadi.

Hokimlikning Raqamli rivojlanish departamenti kartografiya va toponimika bo‘limi boshlig‘i Anvar Jabborovning “Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, ayrim ko‘chalar shaharda allaqachon mavjud bo‘lgan boshqa ko‘chalarning nomini (Nurafshon, Furqat, Ziyelilar) takrorlayotgani bois ularni o‘zgartirishga ehtiyoj bor. Ba’zi ko‘chalar esa nomsiz qolib ketgan.

geonom.tashkent.uz sayti sahifasining skrinshoti geonom.tashkent.uz sayti sahifasining skrinshoti

Avvalroq Anvar Jabborov “Gazeta.uz"ga bergan intervyusida poytaxtdagi 900 dan ortiq ko‘chalarning nomi yo‘qligini aytib, ushbu muammoni hal etish bo‘yicha bosqichma-bosqich rejani ham taqdim etgan edi.

Mutaxassislar tomonidan olib borilgan ishlar natijalariga ko‘ra ko‘chalarning chegaralari aniqlangan, o‘tish joylari va boshi berk yo‘llar hudud xaritasida ularning soni bir xil bo‘lishi uchun tartibga keltirilgan.

Ovoz berish uchun geonom.tashkent.uz saytining bosh sahifasida xarita ostidagi “Ovoz berishda ishtirok eting” havolasini, so‘ng ko‘cha bo‘limlari ko‘rsatilgan doiralardan birini bosing.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 2022-yilning noyabr oyida geografik obyektlarga nom berish to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartishlarni imzolagan edi. Qonun geografik obyektlarga nom berish va qayta nomlashda mahalliy aholining fikrini inobatga olish tartibini belgilaydi. Bundan tashqari, fuqarolarga geografik obyektlarga nom berish tashabbusi bilan chiqish imkoniyati berilgan.