18-aprel kuni Toshkent shahri Sergeli tumanidagi 277-maktabda 1-sinf o‘quvchilarining qo‘llariga igna va “samorez” sanchgan 22 yoshli o‘qituvchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonovaning matbuot xizmati xabar berdi.

Holat yuzasidan Sergeli tumani IIO tergov bo‘limi Jinoyat kodeksining 110-moddasi (Voyaga yetmaganlarni qiynash) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergov doirasida qo‘liga igna sanchilganligi aytilgan 1-sinf o‘quvchilari Y.M. va Sh. U.ga sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlangan. Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 16-aprel kuni ota-onalar maktab direktorining huzuriga kelib, sinf rahbarining ustidan shikoyat qilgan. Murojaatda ota-onalar o‘qituvchi go‘yoki shunday usulda bolalarni tarbiyalashga uringanini bildirishgan.

Xususan, holat 2023−2024-o‘quv yili boshidan beri takrorlanib kelgan. O‘qituvchi bolalarga bu haqda kimgadir aytishsa, bundan battarini qilib, qo‘llariga mix tiqishini aytib qo‘rqitgan.